Jahon | 10:57 / 08.01.2026
1198
3 daqiqa o‘qiladi

Parij va Amsterdamda qor sabab yuzlab aviareyslar bekor qilindi

Parijda 7 yanvar ertalab 140 ta aviareys bekor qilindi, Amsterdamda esa - 700 tadan ortiq, bu ko‘rsatkich yana oshishi mumkin. Fransiya va Niderlandiyaning ko‘p hududlarida kuchli qor yog‘ishi sabab yerusti transporti ishi izdan chiqqan.

Foto: Foto: Xavier Francolon/SIPA

Parij va Amsterdam aeroportlarida ekstremal qor yog‘ishi, kuchli shamol va havo harorati fonida yuzlab reyslar bekor qilindi. Amsterdamdagi Sxipxol aeroportida 7 yanvar, chorshanba kuni 700 tadan ortiq reys bekor qilingan, ular soni yana ko‘payishi mumkin. “Qishki xizmatimiz imkon qadar ko‘proq parvozlarni amalga oshirish uchun sutka davomida tinimsiz ishlayapti”, — dedi aeroport rahbariyati.

Amsterdamda ko‘plab aviareyslar oldingi kunlarning o‘zidayoq bekor qilingani sabab, Sxipxolda 1000 tadan ortiq odam tunni aeroportda o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, Niderlandiyada temiryo‘l qatnovi qisman ishdan chiqqan. Milliy tashuvchi kompaniya Nederlandse Spoorwegen yo‘lovchilarni shoshilinch bo‘lmagan safarlardan voz kechishga chaqirdi.

Butun mamlakat bo‘ylab yo‘llarda umumiy uzunligi 700 kmdan ortiq tirbandliklar hosil bo‘ldi — bu 1999 yildan beri chorshanba kuni uchun eng yuqori ko‘rsatkich. Niderlandiyada 2 yanvar kuni boshlangan qor yog‘ishi so‘nggi 4 yildagi eng uzoq davom etgani bo‘ldi.

Shu bilan birga, Parijdagi Orli va Sharl de Goll nomidagi aeroportlarda 7 yanvar ertalab uchish-qo‘nish yo‘laklari va samolyotlarning muzlashi sabab taxminan 140 ta reys bekor qilindi. AFP yozishicha, Parijda yerusti jamoat transporti ishi to‘xtatilgan, ko‘plab munitsipalitetlarda maktab avtobuslari qatnovi bekor qilingan. Parij va atrof-hududlarda tirbandliklar soatida yo‘llardagi umumiy tirbandlik uzunligi 600 kmga yetgan. RATP Parij transport kompaniyasi aholini imkoniyat bo‘lsa uydan ishlashga chaqirdi.

Fransiyaning 101 departamentidan 38 tasida xavf-xatarning ahamiyati bo‘yicha ikkinchi darajali ogohlantirish rejimi joriy etildi. Meteorologik xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning shimoli va g‘arbida 3 smdan 7 smgacha qor yog‘gan, Ardenn hududida — 15 smgacha, g‘arbdagi ayrim hududlarda esa — 30 smgacha qor tushgan. Bu mazkur hududlar uchun o‘ta yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Fransiya sharqidagi Mut shahrida so‘nggi ikki kunda havo harorati Tselsiy bo‘yicha -22 darajagacha tushgan, butun mamlakat bo‘ylab o‘rtacha harorat -4 darajagacha pasaygan — bu 2012 yildan beri eng past ko‘rsatkich, deb xabar berdi Fransiya meteoxizmati. So‘nggi kunlarda Fransiyada noqulay ob-havo bilan bog‘liq YTH oqibatida besh kishi halok bo‘lgan.

Mavzuga oid