Fan-texnika | 18:47 / 23.09.2016
6790
2 daqiqa o‘qiladi

Smart kompaniyasi yangi elektromobillarini namoyish etdi

Smart kompaniyasi barcha modellarining elektrli namunalarini namoyish etdi. Ularning ilk rasmiy taqdimoti sentabr oyi oxirida Parij avtosalonida bo‘lib o‘tadi. Xususan, so‘nggi avlod Smart ForTwo elektromobili bir marta quvvat olishi bilan 160 kilometrni ortda qoldira oladi, ForFour va ForTwo cabrio modellari esa biroz kamroq, 155 kmdan keyin quvvatlanishi kerak bo‘ladi. 

Modellarga uch fazali elektr dvigatel o‘rnatilgan bo‘lib, orqa g‘ildiraklar yordamida mashinani harakatga keltiradi. Motor kuchi 81 ot kuchiga ega. ForTwo 11,5 soniyada yuzga chiqsa, ForTwo cabrio — 11,8 soniyada shu ko‘rsatkichga yetadi, ForFour modelining bu boradagi natijasi —12,7 soniyadir. Barchasining tezligi soatiga 130 km bilan chegaralangan. 

Elektrli «Smart»lar 17,6 kVt-soatlik litiy ion batareyadan quvvat oladi. Ularni ikki yarim soat mobaynida to‘liq quvvatlash mumkin. 2017 yilda ularga 45 daqiqada quvvatlanadigan yangi akkumulyator o‘rnatilishi aytilmoqda. 

Ular, shuningdek, boshqarishda yordam beruvchi ECO elektronikasi bilan jihozlangan. U, ba'zi sozlamalar vositasida elektr quvvatini tejash imkonini beradi. Bundan tashqari, elektrli «Smart»lar rekuperlash tizimiga ham ega. 

Bulardan tashqari, iqlim sozlamalari kabilarni mobil ilovada ham boshqarish mumkin. Uning interer va ekstereriga Brabus kompaniyasining ayrim mahsulotlari bilan jilo beriladi.

«Smart» elektromobillarining savdosi 2017 yilda boshlanishi rejalashtirilgan. Uning eng arzoni 21 ming 940 yevro, qimmati 25 ming 200 yevroga baholanmoqda.

Mavzuga oid