Avto | 08:22
1425
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropada elektromobillarni eng ko‘p qaysi mamlakatlar xarid qilmoqda?

2025 yilda dunyo bo‘yicha sotilgan har to‘rtta yangi avtomobilning biri elektromobil yoki gibrid bo‘ldi. Yevropada esa elektromobillarga bo‘lgan talab mamlakatlarga qarab keskin farq qilgan bo‘lib, eng yuqori ko‘rsatkich Shimoliy Yevropa davlatlarida qayd etilgan.

Foto: AP

World in Maps tayyorlagan infografikaga ko‘ra, Yevropa mamlakatlarida yangi sotilgan avtomobillar orasida elektr dvigateliga ega transport vositalari ulushi sezilarli darajada farq qiladi.

Eng yuqori ko‘rsatkich Norvegiyada kuzatilgan. U yerda 2025 yilda sotib olingan yangi avtomobillarning 97 foizi elektromobil yoki gibrid turiga mansub bo‘lgan. Bu mamlakatni Yevropa va dunyoda mazkur yo‘nalishdagi mutlaq yetakchiga aylantirgan.

Norvegiyadan keyingi o‘rinlarni Daniya (71 foiz) va Islandiya (62 foiz) egallagan. Shuningdek, Shvetsiya, Niderlandiya va Finlandiyada ham yangi sotilgan avtomobillarning yarmidan ko‘pi elektr dvigateli bilan jihozlangan.

Janubiy Yevropa mamlakatlari orasida Portugaliya alohida ajralib turadi. Bu yerda 2025 yilda xarid qilingan yangi avtomobillarning 38 foizi elektromobil yoki gibrid bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Portugaliya Buyuk Britaniyani (35 foiz) va Germaniyani (30 foiz) ham ortda qoldirgan.

Markaziy va Sharqiy Yevropada esa elektromobillarga qiziqish nisbatan past bo‘lib qolmoqda. Xususan, Rossiyada yangi avtomobillar orasida elektromobillar ulushi atigi 2 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, Xorvatiya, Bolgariya va Ruminiyada ham elektr dvigateliga ega avtomobillarni xarid qilish darajasi Yevropa o‘rtacha ko‘rsatkichidan ancha past bo‘lgan.

Mutaxassislar bu farqni davlatlarning ekologik siyosati, elektromobillar uchun taqdim etiladigan imtiyozlar, zaryadlash infratuzilmasi rivojlanganligi hamda aholi daromadlari bilan izohlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid