Sport | 12:42 / 04.10.2016
9112
2 daqiqa o‘qiladi

Slovakiya termasi futbolchisi Vladimir Vayss hibsga olindi

Slovakiya terma jamoasi yarimhimoyachisi Vladimir Vayss mamlakat poytaxti Bratislava shahrida politsiya tomonidan hibsga olingan.

Qatarning "Al-Garafa" jamoasi a'zosi bo‘lgan bu futbolchi Slovakiya terma jamoasi safida JCh-2018 saralash musobaqasi doirasida 8 oktabr kuni Sloveniya, 11 oktabr kuni Shotlandiyaga qarshi o‘yinlarda ishtirok etish uchun vataniga kelgandi. Endilikda u bu uchrashuvlarda o‘ynamaydi.

Daily Record nashri xabariga ko‘ra, futbolchini yo‘l patrul xizmati xodimlari to‘xtatib, qonida alkogol miqdorini aniqlash borasida test o‘tkazishni taklif qilishgan. Vayss esa bundan bosh tortgan. Natijada futbolchi politsiya mahkamasiga olib ketilgan.

Slovakiya terma jamoasining bosh murabbiyi Yan Kozak bu voqeadan xavotirda ekanini bildirib, Vayss bilan bog‘lana olmayotganini ma'lum qildi.

"U aybdor yoki aybdor emasligidan qat'i nazar endi oldindagi uchrashuvlarda bizga yordam bera olmaydi. Biz o‘yinlarga yaxshi sharoit va muhitlarda tayyorlanishimiz kerak edi. U tarkibning asosiy futbolchilaridan biri, Slovakiyada shundoq ham tajribali va mahoratli futbolchilar yetarli emas", deya afsuslarini bildirgan murabbiy.

Manba: Tribuna.uz

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid