Sport | 22:29 / 10.10.2016
6891
2 daqiqa o‘qiladi

Madridning As gazetasi Pikedan uzr so‘radi

Foto: EFE

Madridning As sport nashri rahbari Alfredo Relano “Barselona” himoyachisi Jyerar Pikedan yengi kesilgan Ispaniya terma jamoasi libosi atrofida mojaro yuzaga keltirgani uchun uzr so‘radi.

“Umid qilamanki, Pike ham JCh-2018 musobaqasidan keyin terma jamoadagi faoliyatini yakunlash borasidagi qarorini Messi kabi qayta o‘ylab ko‘radi. Men uning qarorini tushunaman – unga nisbatan tuhmat qilishdi. U “Real”ga nisbatan doimo jangovar munosabatda bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarda ham ularga qarshi izohlar yozgan, biroq Ispaniya terma jamoasi haqida gap ketganida, u doimo o‘rnak bo‘lgan. “Barselona” o‘z tarixida Ispaniya terma jamoasiga eng ko‘p o‘yinchilarni yetkazib bergan va buni rad etish kerak emas.

Terma jamoa libosining yengi borasidagi voqea uning sabr kosasini to‘ldirdi. Undan shoshqaloqligimiz uchun uzr so‘rayman. Sababi, As onlayn-nashri bu voqea haqida birinchi bo‘lib xabar berdi va bu ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarning noroziliklarini keltirib chiqardi. Bunday shov-shuvlar kam hollarda yaxshilikka olib keladi. Umid qilamanki, Pike o‘z qarorini o‘zgartiradi”, – dedi Relano.

JCh-2018 musobaqasining saralash bosqichida Ispaniya Albaniyaga qarshi kurashib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Pike ushbu o‘yinga yengida mamlakat bayrog‘i bo‘lmagan libosda maydonga tushdi. Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoqlardagi futbol muxlislari va OAV “Barselona” futbolchisini tanqid ostiga olishdi. Biroq RFEF bayonotida Pike yengi uzun futbolkada maydonga tushgani va unga Ispaniya bayrog‘i ranglari sig‘masligi aytib o‘tilgan.

Азимжон Бердибеков
Tayyorlagan Азимжон Бердибеков
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid