Xitoy «Shenchjou» kosmik missiyasining parvozi qachon boshlanishi haqida ma'lum qildi
Xitoy «Shenchjou-11» kemasini 17 oktabr kuni uchiradi. Reuters xabariga ko‘ra, xitoylik ikki kosmonavt Xitoy Xalq Respublikasi uchun rekord darajadagi vaqt — 30 kun davomida koinotda bo‘ladi.
Xitoyning Uchuvchili kosmik parvozlar dasturi vakili U Pinning ma'lumotiga ko‘ra, shu orqali mamlakat 2022 yilgacha kosmosda inson yashashini ta'minlovchi stansiyasi barpo etilishi bo‘yicha rejasida navbatdagi qadamni tashlaydi. Dastur vakilining aytishicha, «barcha tayyorgarlik jarayonlari o‘tib bo‘lgan».
Long March-2 °F («Chanchjen-2Ef») eltuvchi raketasining parvozi 17 oktabr kuni mahalliy vaqt bilan 07:30 (Toshkent vaqti bilan 04:30) ga belgilangan. U shimoli-g‘arbiy Gansu provinsiyasidagi Tszyutsyuan kosmodromidan uchiriladi. Ayni paytda texnik xizmatlar eltuvchi raketaga yoqilg‘i quyish ishlariga kirishgan. Kema bortida kosmonavtlar Tszin Xaypen va Chen Dun bo‘ladi. 50 yoshli ekipaj komandiri Tszin Xaypen uchun bu koinotga uchinchi parvoz hisoblanadi.
«Shenchjou-11» uchirilganidan so‘ng ikki sutka davomida kosmonavtlar qurilmani Yerdan 393 km balandlikda «Tyangun-2» laboratoriyasi moduliga biriktirish bo‘yicha missiyani bajaradi, u yerda ekipaj 30 kunni o‘tkazadi. Bu XXR uchuvchili kosmik parvozlar dasturi uchun rekord ko‘rsatkichga aylanadi. Kosmonavtlarga orbitada qator eksperimentlarni o‘tkazish vazifasi qo‘yilgan.
2017 yilning aprelida Xitoy labaratoriyaga o‘zining ilk yuk kemasi «Tyanchjou-1»ni jo‘natadi, u bu yerga yonilg‘i va boshqa kerakli narsalarni yetkazib beradi.
Xitoyning birinchi kosmik qurilmasi «Tyangun-1» 2011 yilning sentabrida ishga tushirilgan. 2016 yilning mart oyi oxirlarida «Tyangun-1» o‘z vazifalarini bajarishni to‘liq to‘xtatdi. U 1630 kun orbitada bo‘ldi. Modul rejadagidan ikki yarim yil ko‘p xizmat qildi. «Tyangun-1» 2017 yilning ikkinchi yarmida Yer atmosferasiga tushishi kutilmoqda, hozirda u belgilangan orbitada qolmoqda.
Sentyabr oyida Xitoyning «Tyangun-2» kosmik labaratoriyasi orbitada sinov o‘tkazishni boshlagandi.