Jamiyat | 13:40 / 25.10.2016
5347
2 daqiqa o‘qiladi

AQShlik jurnalist jarimani internet ehsonlar bilan to‘ladi

Foto: © AFP

Amerikadagi The Daily Dot yangiliklar portali muharriri Maylz Kli avtomobilini noto‘g‘ri joylashtirgani uchun yozilgan jarimani kraudfanding yordamida to‘ladi. Bu haqda jurnalist The Daily Dot uchun yozgan maqolasida xabar qildi. 

Klining so‘zlariga ko‘ra, unga avtomobili bilan ko‘chani tozalash mashinasining yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun 73 dollarlik jarima yozilgan. Jurnalist jarimani zudlik bilan to‘lashning o‘rniga kraudfanding xizmatida tajriba o‘tkazishga qaror qilgan. 

«Men albatta, jarimani o‘z vaqtida to‘lashim ham mumkin edi. Bundan tashqari, albatta, men mashinamni tunda qoldirishdan avval, yo‘l belgilarini ko‘rib chiqishim ham kerak edi. Biroq, noutbukli Y avlodi vakili sifatida GoFundMe kampaniyasini boshlab, voqeani tasvirladim», — deydi Kli.

Jurnalist e'londa qoidabuzarligini tan olgan, ammo jarimani to‘lash niyatida emasligini aytgan. Chunki, buning o‘rniga tovuqli naggetslarni xarid qilishni ma'qul ko‘rgan. «Agar meni yomon ko‘radigan har bir kishi hech bo‘lmaganda bir dollardan yuborganda, men kamida 16 dollarga ega bo‘lardim», — deb qayd etgan jurnalist. 

Kli kampaniyasining to‘rt kuni mobaynida jarimaga yetarli mablag‘ni ortiqchasi bilan to‘plagan. Unda 107 dollar yig‘ilgan. 

Jurnalist jarimani to‘lab, Twitter sahifasiga o‘z selfisini joylagan va homiylariga tashakkur bildirgan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid