Texnologiya | 17:58 / 28.10.2016
16720
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonlik tadbirkor xodimlariga 1260 dona avtomobil sovg‘a qilmoqchi

Hindistondagi Hare Krishna Exports zargarlik kompaniyasi xo‘jayini Savjibhay Dxolakia mamlakatdagi bosh bayram Divali munosabati bilan xodimlariga 1260ta avtomobil sovg‘a qilishga qaror qildi. Bundan tashqari, u oktabr oyi oxirida bo‘lajak tantanalarda, 400 nafar ishchisiga xonadon kalitlarini topshiradi, deb yozadi The Guardian gazetasi.

Dxolakia shuningdek, zargarlik taqinchoqlari ham tarqatadi. Tadbirkor Hare Krishna Exports kompaniyaning eng sodiq va iqtidorli xodimlariga beriladigan sovg‘alar uchun 7 mln dollar sarflashni rejalashtirgan. 

«Bizning maqsadimiz, ishchilarimizning har biri yaqin besh yilda o‘z uyi va avtomobiliga ega bo‘lishini ta'minlashdir. Shu boisdan biz ularga avtomobillar, xonadonlar va zargarlik mahsulotlari sovg‘a qilmoqchimiz», — degan Dxolakia. Uning ishchilariga qaysi rusumdagi mashinalar berilishiga oydinlik kiritilmagan. 

Hare Krishna Exports kompaniyasi 75 mamlakatga brilliantlar yetkazib beradi. Ta'kidlanishicha, ishchilarni bu kabi qo‘llab-quvvatlash firma tarixida ilk bora o‘tkazilmayapti. 2014 yil Hare Krishna Exports xodimlari 491 avtomobil va 207 ta xonadon sohibiga aylanishgandi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid