Jahon | 19:11 / 08.11.2016
14266
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda prezidentni haqorat qilganlik uchun jazo chorasi keskinlashtirildi

Foto: © RIA Novosti

Tojikiston parlamenti yuqori palatasi bugun mamlakat jinoyat kodeksining yangi tahririni qabul qilishdi. Unga ko‘ra, mamlakat prezidenti, Millat otasi maqomidagi Emomali Rahmonni ommaviy tarzda haqoratlaganlik uchun jinoiy ish ochish ko‘zda tutilgan.

Jinoyat kodeksiga tuzatishlar kiritish to‘g‘risidagi hukumat farmoni 13 oktabr kuni Emomali Rahmon tomonidan imzolangandi.

Tahrir quyi palata deputatlari tomonidan 26 oktabr kuni ma'qullandi.

"Tojikiston jinoyat kodeksiga tinchlik va milliy birlik asoschisi, millat yetakchisini omma oldida haqorat qilganlik yoki bo‘hton uyushtirganlik uchun jinoiy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 137-modda kiritildi. Unga ko‘ra, tinchlik va milliy birlik asoschisi, millat otasiga nisbatan tuhmat yoki haqorat uchun jinoiy javobgarlik belgilanadi. Bu modda shuningdek, internet, ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilganlik uchun ham javobgarlik kiritilishini ko‘zda tutadi", — degan yuqori palata senatori, prezident apparati ijrochi rahbari Ozoda Rahmon.

Tojikiston jinoyat kodeksiga ko‘ra, respublika prezidentini haqorat qilganlik yoki uning sha'niga bo‘hton uyushtirganlik uchun ayblanuvchi besh yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Oktyabr oxirida deputatlar konstitutsion qonunga "Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat yetakchisi" maqomini kiritishni bir ovozdan ma'qullashgandi. Ular ushbu qonunga bir nechta tuzatish kiritishdi, tuzatishlardan birida Emomali Rahmon mustaqil Tojikistonning asoschisi deb e'tirof etiladi.

Mavzuga oid