Jamiyat | 21:12 / 25.11.2016
26354
3 daqiqa o‘qiladi

Dubayda o‘zbekistonlik sud qilinmoqda

Dubay jinoyat ishlari sudida hech qayerda ishlamaydigan, Dubayda noqonuniy yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi ishi ko‘rilmoqda. O‘zbekistonlik Hindiston fuqarosini pichoq qo‘llagan holda tunashda va shuningdek chegarani noqonuniy kesib o‘tishda ayblanmoqda.

2015 yil 12 mayda Dubayning Al Qusays tumanidagi kompaniyalardan birining boshqaruvchisi o‘z xodimi bo‘lgan hindistonlikdan valyuta ayirboshlash punktida 200 ming dirham pulni (55 ming dollar) ayirboshlab kelishini iltimos qilgan. Hind bu pullarni olib, tushlik vaqtida o‘zi yashaydigan Naif tumani yaqinidagi ayirboshlash punktiga yo‘l olgan. Ayirboshlash punkti yopiq bo‘lgani sababli erkak pullarni dam olish vaqtidan keyin ayirboshlashga qaror qilgan va uyiga yo‘l olgan. U uyi joylashgan binoning liftiga kirganda o‘zbekistonlik uning ortidan liftga kirgan. Hind 3-qavat tugmasini, o‘zbekistonlik esa 2-qavat tugmasini bosgan. Biroq o‘zbekistonlik lift 2-qavatda to‘xtaganda liftdan tushmagan. Lift 3-qavatda to‘xtaganda jinoyatchi liftdan chiqayotgan hind qo‘lidan sumkasini tortib olmoqchi bo‘lgan, biroq hind qarshilik ko‘rsatgan.

Shunda jinoyatchi yonidan pichoq olib, hindning qorniga musht tushirgan va so‘ngra pichoq bilan uning qo‘l panjalariga zarbalar bergan hamda yuziga musht tushirgan. Shundan keyin u hindning qo‘lidan sumkasini yulib olib, zinadan pastga otilgan. Qonga belangan hind uning ortidan borgan, biroq binodan chiqaverishda hushini yo‘qotgan.  

Politsiya jinoyatchini kuzatuv videokameralari yozuvlari hamda u liftda qoldirgan barmoq izlari orqali qo‘lga olgan. Hind jinoyatchi shaxsini aniqlash vaqtida o‘zbekistonlikka ishora qilgan. O‘zbekiston fuqarosi o‘z qilmishini va o‘z qurbonlarini ayirboshlash punktlari yonida poylab yurganini tan olgan. U shuningdek pichoqni voqea joyi yaqinidagi chiqindi idishiga tashlab ketganini aytgan. U jinoyatni moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgani sababli sodir etgani hamda pullarni O‘zbekistonga jo‘natib yuborganini ma'lum qilgan. 

Ta'kidlanishicha, sud ushbu ishni 28 noyabrda davom ettiradi.

 

Mavzuga oid