Sport | 23:15 / 28.11.2016
13467
2 daqiqa o‘qiladi

Gimnastika bo‘yicha eng yosh mutlaq jahon chempioni o‘z faoliyatini yakunlamoqda

Foto: © AFP

Riodagi olimpiadada kumush medal sovrindori bo‘lgan Yana Kudryavtseva o‘z faoliyatini yakunladi. Uning bu qarorga kelishiga oyoqdagi jarohat sabab bo‘ldi. 

Kudryavtsevaning faoliyati to‘xtatilgani haqida Butunrossiya badiiy gimnastika federatsiyasi rahbari Irina Viner-Usmanova xabar qildi. «Yana, o‘z faoliyatiga yakun yasadi. Sababi, oyog‘ining shikastlanishi sog‘lom oyoqlariga ham og‘ir asoratlar qoldirdi. Endi ularni operatsiya qilish zarur. Yana shaxsiy hayoti bilan mashg‘ul. U Germaniyada bo‘lganida, unga ikkinchi operatsiyani amalga oshirish kerakligini aytishgan va shundan so‘ng ketishga qaror qilgan», — deydi Viner-Usmanova.

Kudryavtseva 2015 yil Shtutgartdagi jahon chempionati chog‘ida oyog‘idan jarohat olgan edi. Mazkur chempionatdan so‘ng u bir necha operatsiyalarni boshdan o‘tkazdi va olti oy o‘tgach, sportga qaytish imkoniga ega bo‘ldi. Gimnastikachi agarda Shtutgartdagi chiqishni rad etganida, Rio olimpiadasini o‘tkazib yuborishi mumkinligini tan oldi. 

«Shtutgartda barcha dasturni amalga oshirganimdan afsuslanmayman. Aks holda, o‘ylashimcha, terma jamoaga qo‘shilmas edim va Olimpiada o‘yinlariga ham hozir boshqa qizlari tayyorgarlik ko‘rishayotgan bo‘lardi», — degan edi Kudryavtseva 2016 yil martda «Sport-Ekspress»ga bergan intervyusida. 

Rio olimpiadasida rossiyalik gimnastika ustasi kumush medalni qo‘lga kiritadi. 

Kudryavtseva tarixda ilk bor 15 yoshida mutlaq jahon chempioniga aylangan gimnastikachidir. Avvalgi rekord rossiyalik Alina Kabayeva va Yelena Karpuxinaga tegishli bo‘lib, ikkisi ham bu maqomga 16 yoshida erishgan edi.

O‘z faoliyati davomida Kudryavtseva 16 karra jahon chempioniga aylangan, shuningdek, 11 marta Yevropa chempioni nomiga sazovor bo‘lgan.

Mavzuga oid