Iqtisodiyot | 08:54 / 14.12.2016
32486
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning 15ta «eng yomon soliq makonlari»

Yil oxirida turli sohalarda hisobotlar tayyorlanishi, reytinglar e'lon qilinishi o‘sha sohaning rivojiga turtki berishda yordam beradi. Ammo, ayrim hollarda aksilreytinglar ham tuzib chiqiladiki, u ko‘rib chiqilayotgan yo‘nalishdagi kamchilik-nuqsonlarni ko‘rsatib beradi. 

Shunga ko‘ra, tadqiqotchilar yirik va boy kompaniyalar, badavlat insonlarning kamroq soliq to‘lashlari uchun turli bo‘shliqlarni qoldiruvchi mamlakatlar ro‘yxatini tuzib chiqishdi. Qashshoqlik va ijtimoiy tengsizlik muammolari bilan shug‘ullanadigan Oxfam tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, butun dunyo hukumatlari korporatsiyalar uchun soliqlarni pasaytirmoqda va «soliq to‘lashdan bosh tortishning turli keskin shakllarini taklif etmoqda». Bunda ular sarmoyalarni jalb etishni ko‘zlayotganini iddao etishadi. 

Tadqiqotchilarning kesatiq bilan ta'kidlashlaricha, ushbu soliqlarni pasaytirish poygasida «qashshoqlik va ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashish maqsadida milliardlab dollarga muhtoj bo‘lgan mamlakatlar qatnashmoqda». Oxfam reytingidagi davlatlar soliq yuklamasi darajasiga ko‘ra joylashtirilgan. 

Tadqiqotchilar o‘z ro‘yxatlarini tuzib chiqishda, ushbu mamlakatlarning ortiqcha soliq imtiyozlari taqdim etishi, ularning soliq to‘lamaydiganlarga qarshi kurash borasida xalqaro tashkilotlar bilan naqadar hamkorlik qilishi, masalan, o‘z moliyaviy tizimi shaffofligini oshirish kabilarga e'tibor qaratishgan. 

Hujjatda aytilishicha, bu borada eng yomon ko‘rsatkich Bermuda orollari, so‘ngra Kayman orollari va Niderlandiyadadir. Bermuda orollari biznesni rivojlantirish agentligi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, hisobotda davlatning ulkan savdo va moliya tuzilmasi hisobga olinmagan, tadqiqotchilarning o‘zlari esa «iqtisodiyotni noto‘g‘ri talqin qilishmoqda va yuz berayotgan jarayonlarni juda ham anglab yetishmayapti».

Oxfam xodimlari aksincha, hukumat korporativ soliqlarni kamaytirganda muvozanatni saqlab qolish uchun yoki xarajatlarni qisqartirishi yoxud QQS kabi boshqa turdagi soliqlarni ko‘tarishi kerak, deb hisoblamoqda. Oxfam’ning uqdirishicha, dunyodagi eng yirik kompaniyalarning 90 foizi kamida bitta soliq imtiyozlari taqdim etuvchi davlatda joylashgan. Reytingdagi ayrim mamlakatlar, Oxfam tashkilotiga ko‘ra, yirik kompaniyalar ishtirokidagi soliq mojarolariga aralashib qolgan. 

Jumladan, shu yilning avgust oyida YeI Irlandiyani Apple kompaniyasidan qo‘shimcha 13 mlrd yevro soliq olishni tavsiya qildi. Korporatsiya ushbu davlat hukumati bilan erishilgan kelishuviga ko‘ra, mamlakat g‘aznasiga atigi 1 foiz soliq to‘lab keladi. Bu esa, Qo‘shma Shtatlardagi soliq yukidan 35 foizga, Irlandiyanikidan 12,5 foizga kamdir. Oxfam reytingida Irlandiyaga 6-o‘rin munosib ko‘rilgan. 

O‘tgan yili YeI Starbucks kompaniyasidan ham Niderlandiyada tejab qolgan 30 mln dollar soliqni to‘lab qo‘yishni talab qilgan edi. Fiat Chrysler kompaniyasi ham Lyuksemburg bilan bitimi tufayli xuddi shu miqdorda soliq to‘lashga majbur bo‘ldi. 
Oxfam tashkilotining soliq siyosati bo‘yicha maslahatchisi Esme Berkutning aytishicha, «hukumatlar, mamlakat byudjyetiga hissa qo‘shishlari uchun kompaniyalarni majburlashi borasidagi sa'y-harakatlarni birlashtirishlari kerak». 

Shunday qilib, Oxfam tasnifi bo‘yicha dunyodagi eng yomon soliq mamlakatlari: 

1.  Bermuda orollari
2.  Kayman orollari 
3.  Niderlandiya 
4.  Shveytsariya 
5.  Singapur 
6.  Irlandiya 
7.  Lyuksemburg 
8.  Kyurasao 
9.  Hongkong 
10.  Kipr 
11.  Bahama orollari 
12.  Jyersi 
13.  Barbados 
14.  Mavrikiy 
15.  Britaniya Virjin orollari

Hisobotda qayd etilishicha, garchi Buyuk Britaniya ro‘yxatga kiritilmagan bo‘lsa-da, uning 4ta hududi reytingda borligi yetarlidir. Bular: Kayman, Bermuda va Virjin orollari hamda Jyersidir. 

Mavzuga oid