Jahon | 12:10 / 14.12.2016
14436
2 daqiqa o‘qiladi

Filippin prezidenti qotilliklar qilganini tan oldi

Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Davao shahri hokimi bo‘lgan paytida jinoyatchilarni shaxsan o‘ldirganligi haqida ma'lum qildi. U buni politsiya xodimlariga jinoiy unsurlar bilan kurash shafqatsizlarcha olib borilishi kerakligini tushuntirish maqsadida amalga oshirgan. Bu haqda prezident kuni kecha ma'lum qildi.

"Davaoda men buni shaxsan qilganman. Bu politsiyachilarga agarda men buni qila olsam, ular ham qilishi mumkinligini ko‘rsatib berish maqsadida amalga oshirilgan", - deya davlat rahbarining so‘zlarini keltiradi AFP agentligi.

Agentlik ma'lumotlariga ko‘ra, Filippin yetakchisi Davao ko‘chalarini o‘z shaxsiy mototsiklida "o‘ldirish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun mojaroli vaziyatlarni topish maqsadida" kezib yurgan.

Eslatib o‘tamiz, 71-yoshli Rodrigo Duterte joriy yilning 30 iyun kuni Manila ma'muriyati rahbari lavozimiga kirishgan. Avvalroq u yetti yil mobaynida Davao shahri hokimi bo‘lib ishlagandi.

Duterte prezident bo‘lgach mamlakatda giyohvand moddalar tarqatilishi bilan jiddiy kurash avj oldi. Uning oqibatida bir necha ming kishi halok bo‘ldi.
 

Mavzuga oid