Jahon | 09:36 / 20.12.2016
4780
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin aeroportida tutunlanganlik sababli 181 ta reys bekor qilindi

Foto: © EPA/WU HONG

Pekindagi kuchli tutunlanganlik (smog) sababli Shoudu xalqaro aeroportida bekor qilingan reyslar soni 181 taga yetdi. TASS axborot agentligiga aeroport vakilining ma'lum qilishicha, 20 dekabrga 385 ta reys belgilangan edi.

Avvalroq TASS axborot agentligi smog tufayli Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasi reyslari bekor qilingani va AirBridgeCargo yuk reysi ushlanganini ma'lum qilgandi. "Bizning hamkor Hainan Airlines bajaradigan reyslar bekor qilindi. Bevosita S7 Airlines bajaradigan reyslar ushlanishlarsiz amalga oshirilmoqda", deb telefon orqali S74696 (Pekin - Sanya (Xaynan oroli) va S74692 (Pekin - Guanchjou) reyslarining bekor qilinishiga izoh bergan S7 Airlines vakili.

Aeroport ma'muriyati ma'lumotlariga ko‘ra, qoldirilgan reyslar yo‘lovchilari issiq yegulik bilan ta'minlanadilar, parvozlar jadvalidagi o‘zgarishlar haqida o‘z vaqtida xabar berish tashkillashtirilgan.

Sina axborot internet-portali ma'lum qilishicha, xavfsizlik nuqtai nazaridan Pekin ma'muriyati 6-transport halqasi bo‘yicha harakatni qisman yopib qo‘ygan.

Shaharda smogning paydo bo‘lishiga ko‘plab sanoat korxonalari chiqaradigan chiqindilar sabablardan biri bo‘lmoqda. Ayniqsa isitish mavsumida og‘ir vaziyat yuzaga keladi. Bu payt to‘liq kuch bilan ishlaydigan ko‘mir elektrostansiyalar va qozonxonalar havoga ko‘mir changini chiqaradilar.

Ayni vaqtda Pekinda salomatlik uchun xavfli bo‘lgan mayda qattiq jismlar miqdori – PM-2,5 kub metrga 380 mikrogrammdan oshib ketgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti me'yorlariga ko‘ra, havoda PM-2,5 zarrachalarining har kunlik xavfsiz miqdori kub metrga 25 mikrogrammdan oshmasligi kerak. Pekinda esa bu me'yor deyarli 17 martaga ko‘proqni tashkil qilmoqda.

 

Mavzuga oid