Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaponiya bosh vaziri Perl-Xarborga tashrif buyuradi
Bugun 26 dekabr kuni Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe AQShning Havayi shtatiga ikki kunlik tashrifini boshlaydi. U yaponiyaliklarning Perl Harborga hujumi oqibatida halok bo‘lgan amerikaliklarning xotirasini yod etadi. 1941 yil 7 dekabrda Yaponiya harbiy aviatsiyasi Oahu orolidagi AQSh kemalari va aviatsiyasiga qo‘qqisdan hujum qilgan edi.
Yaponiya matbuotining yozishicha, Sindzo Abe va Barak Obama ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy alyansning muhimligini e'tirof etishadi. Ularning uchrashuvi 27 dekabr kuni Barak Obama tug‘ilgan va bolaligi o‘tgan Honolulu shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
AQShning Ikkinchi jahon urushiga qo‘shilishi uchun bosh sabab bo‘lgan Perl Harborga hujum oqibatida 2,4 ming amerikalik halok bo‘lgan, yana minglab askarlar yaralangan.
2016 yil mayida Barak Obama Yaponiyada bo‘lib o‘tgan "Katta yettilik" sammiti doirasida Amerikaning atom bombasi tashlashidan vayron bo‘lgan Xirosima shahriga tashrif buyurgan ilk AQSh prezidenti bo‘lgan edi. Abening Perl Harborga tashrifi Yaponiya rahbariyatining javob tashrifi sifatida baholanmoqda. Biroq, Barak Obama Yaponiya shaharlari bombardimon qilingani uchun kechirim so‘ramagani sabab, Sindzo Abe ham Perl Harborga hujum uchun kechirim so‘rashi kutilmayapti.