Iqtisodiyot | 11:27 / 07.01.2017
5591
2 daqiqa o‘qiladi

Isroil BMTning qaroriga javoban uni moliyalashtirishni 2 barobarga kamaytirdi

Isroil BMT Xavfsizlik kengashining Isroilga Falastin yerlarida uy-joy qurishni taqiqlovchi rezoltsiyasiga javoban BMTga ajratadigan badal pulini 6 mln dollarga qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda Isroilning BMTdagi doimiy vakolatxonasi ma'lum qildi. 

"Isroil BMTga ajratiladigan pulni 6 mln dollarga kamaytiradi. Bu summa BMT aksilisroil tuzilmalarini qo‘llab-quvvatlashga ajratadigan mablag‘ga teng. Isroilga bunday agentliklarni saqlash ma'nosizdir", deb aytilgan vakolatxona chop etgan xabarda. 

Isroil vakolatxonasi BMTdan u "yagona maqsadi g‘alamislik va aksilisroil tashviqot bo‘lgan tuzilmalar qo‘llab-quvvatlanadigan bema'ni haqiqatga chek qo‘yishni" talab qildi.

BMT Xavfsizlik kengashi 23 dekabrda Isroildan Falastinning bosib olingan yerlarida uy-joy qurishni zudlik bilan to‘xtatish talab qilingan 2334-rezolyutsiyani qabul qilgandi. Bu rezolyutsiyani BMT Xavfsizlik kengashiga a'zo 14 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan, AQSh esa Isroilning bu rezolyutsiyani to‘sish chaqiriqlariga qaramay, betaraf qolgan. Hujjat qabul qilingandan keyin Isroil hukumati rezolyutsiyaga amal qilmaslik va BMTni moliyalashtirishni qisqartirish bilan tahdid qilgan.

BMT saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Isroilning BMTga kiritadigan yillik badali 11 mln dollarni tashkil qiladi, bu esa tashkilotning butun xarajatlarining bor-yo‘g‘i 0,4 foiziga teng. BMTning eng yirik homiysi AQSh hisoblanib, u tashkilot xarajatlarining 22 foizini qoplab beradi.

Mavzuga oid