Jamiyat | 19:34 / 14.01.2017
26060
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda noodatiy avtosayohat o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 25 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi F-4766-sonli Farmoyishi ijrosini taminlash maqsadida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati Kengashi tomonidan noodatiy avtosayohat tashkil etildi.

Sayohat viloyatning bir necha tumanlari bo‘ylab 120 kilometrlik masofada o‘tkazildi. 15dan ortiq milliy avtomobillarimizda tashkilotning avtomaktabida tahsil olayotgan bo‘lajak harbiylar O‘zbekiston hamda “Vatanparvar” tashkilotining bayrog‘larini hilpiratib bordilar.

Birinchi manzil Namangan shahridagi xotira xiyoboni bo‘ldi, mehnat va urush faxriylari hamda yoshlar motamsaro ona haykali poyiga gul qo‘yib, Vatan tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiylar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Keyingi manzillar - To‘raqo‘rg‘on, Chust hamda Pop tumanlarida tashkilotchilar yoshlar tomonidan ko‘tarinki tarzda kutib olindi. Joylarda yurtimizning bo‘lajak harbiy askarlari tomonidan namoyish etilgan harbiy chiqishlar barcha yig‘ilganlarning olqishlariga sabab bo‘ldi.

Etiborli jihati, har bir manzilda xizmat vazifasini o‘tash paytida halok bo‘lgan harbiylarning farzandlariga tashkilotchilar tomonidan sovg‘alar ulashildi. 

Viloyatning eng chekka hududlaridan biri bo‘lgan Chodak qishlog‘i vatanparvarlik avto yurishlarining so‘nggi manzili bo‘ldi. Viloyat bo‘ylab bayram tadbirlari davom etmoqda.

Temurmalik VOHIDOV

Mavzuga oid