Jahon | 01:20 / 22.01.2017
6688
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda Trampga qarshi ayollar marshi bo‘lib o‘tdi

21 yanvarda Donald Trampga qarshi Vashingtonda ommaviy norozilik marshi bo‘lib o‘tdi. 

Namoyish ishtirokchilarining aniq soni ma'lum qilinmagan, biroq RIA “Novosti” axborot agentligining joydagi muxbirining taxminicha, namoyishchilar soni Tramp inauguratsiyasidagidek yoki undan ham ko‘proq bo‘lgan. 

Namoyish "Ayollarning Vashingtonga marshi" deb e'lon qilingan, biroq aksiyada ko‘plab erkaklar ham ishtirok etgan. Kapitoliy va Oq uy o‘rtasidagi 3 km lik Milliy xiyobon aksiya ishtirokchilari bilan to‘lgan. 

AQSh prezidenti inauguratsiyasi vaqtida noroziliklar uyushtirish avval ham yuz bergan. 1969 yilda Vetnamdan AQSh qo‘shinlarining olib chiqilishini talab qilgan Mobe harakati faollari Richard Niksonning lavozimiga kirishishi vaqtida uning kortyojiga yeguliklar, shisha idishlar va tutun shashkalari uloqtirganlar.

AQShning 43-prezidenti Kichik Jorj Bush ham amerikaliklarning noroziligini o‘zida his qilgan. Saylovlar natijalaridan norozi bo‘lganlar Bush kortyojiga tuxumlar va tennis koptoklari uloqtirganlar.

20 yanvarda Tramp inauguratsiyasi nishonlanayotganda unga qarshi chiqayotganlar Vashingtonda aksiya o‘tkazganlar. Namoyishchilar do‘konlar peshoynalari va mashina oynalarini sindirishgan. Ma'lum qilinishicha, tartibsizliklar uchun 200 dan ko‘proq odam hisbsga olingan, bir necha politsiyachi jabrlangan. 

 

Mavzuga oid