Fan-texnika | 15:35 / 23.01.2017
8359
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung qurilmalari xavfsizligini oshiruvchi rejani taqdim etdi

Samsung Electronics o‘z mahsulotlari xavfsizligini oshirish rejasini taqdim etdi. Bu Galaxy Note 7 smartfonlarining yonib ketishga aslida nima sabab bo‘lgani ma'lum qilingach, ro‘y berdi, deyiladi kompaniya xabarida.

Janubiy Koreyada Galaxy Note 7 modeli sotuvi 19 avgust kuni boshlandi. Sentyabr boshida jahon bozoridan 2,5 million bunday smartfonni qaytarib olish haqida ma'lum qilindi. Bu ularning quvvat olayotgan paytda yonib ketishi bilan bog‘liq. Samsung Electronics oktabr boshida Galaxy Note 7’ni ishlab chiqarishdan vaqtinchalik olish haqida xabar bergan.

Avvalroq kompaniya smartfonlarga mo‘ljallangan akkumulyatorlarda yonish holatlari loyihalashtirish va ishlab chiqarishdagi texnik xatolar bilan bog‘liq ekani haqida ma'lum qilgandi. Samsung nosozliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Kompaniya sakkiz punktdan iborat bo‘lgan akkumulyator batareyalarini tekshirish dasturini yaxshiladi. Bundan tashqari, Samsung qurilmaning har bir elementi bo‘yicha strandartlarni tartibga solish bo‘yicha xavfsizlik choralarini ham yaxshiladi.

Kompaniya, shuningdek, batareyalar bo‘yicha maslahatchi guruh tashkil qildi. Uning tarkibiga Kembrij, Berkli va Stenford universitetlari olim hamda tadqiqotchilari jalb etildi. Samsung bu choralar batareyalar xavfsizligini yaxshilashda yordam berishiga umid qilmoqda.

Ma'lumot uchun, Samsung Electronics — elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha xalqaro kompaniya bo‘lib, uning qarorgohi Seul shahrida joylashgan. 2016 yilning uchinchi choragida sof daromad 2015 yilning shu davriga nisbatan 16,8 foizga kamayib, deyarli 4 milliard dollarni tashkil etdi.

Mavzuga oid