YeIning O‘zbekistondagi Delegatsiyasi rahbari o‘zbek ishbilarmonlarini Yevropaga investitsiya kiritishga chaqirdi
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari elchi Eduards Stiprays 25 yanvar kuni Toshkentdagi Amerika savdo palatasi har oylik uchrashuvi doirasida chiqish qildi. U mahalliy va xorijiy tadbirkorlarga mo‘ljallangan o‘z taqdimotida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarning turli jihatlari, mamlakatda YeI moliyaviy ko‘magi yordamida amalga oshirilayotgan hamda biznes rahbarlari boshqaruvi salohiyati va mamlakatning bir qator mintaqalaridagi fermer xo‘jaliklari hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiluvchi loyihalar haqida so‘z yuritdi.
Shuningdek YeI delegatsiyasi rahbari qatnashchilarga YeI davlatlaridagi investitsion imkoniyatlar haqida ham ma'lumot berdi.
Elchi Stiprays o‘z chiqishini savdo-iqtisodiy hamkorlikning huquqiy asoslarini tushuntirish bilan boshladi. U YeI va O‘zbekiston o‘rtasida 1996 yildagi sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim bilan tartibga solinadi. Bitim YeI va O‘zbekiston o‘rtasida: import va eksportga nisbatan qo‘llaniluvchi bojxona bojlari va yig‘imlari, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita soliqlar, sotuv, xarid, mahsulotlarni yetkazib berish, ichki bozorda taqsimlash va foydalanish bo‘yicha ijobiy rejim taqdim etishni nazarda tutadi.
YeI delegatsiyasi rahbari ikki tomonlama tashqi savdo aylanmasiga oid statistik ma'lumotlarni keltirdi. YeI 2015 yilda O‘zbekistonning eng yirik beshta savdo sheriklari ro‘yxatidan joy oldi. U Xitoy, Rossiya va Qozog‘istondan so‘ng to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Mamlakat tashqi savdo balansidagi hissasi – 12 foizga teng. 2015 yilda tomonlarning o‘zaro manfaatli savdo summasi 1,792 million yevroni tashkil etdi. Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida Germaniya yetakchilik qilmoqda – uning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi 2015 yilda 440 million yevroni tashkil etdi.
O‘zbekistonga eng ko‘p yetkazib beriluvchi Yevropa mahsulotlari uchligiga mashinalar, asbob-uskunalar va mexanizmlar (608 mln yevro), kimyo va u bilan bog‘liq bo‘lgan sohalar sanoati mahsuloti (421 mln yevro), shuningdek oziq-ovqat va tirik hayvonlar (123 mln yevro) kirgan. YeI mamlakatlari tomonidan import qilingan o‘zbek mahsulotlari orasida kimyo va u bilan bog‘liq sohalar sanoati mahsuloti (177 mln yevro), tekstil va kiyim-kechak (35 mln yevro), shuningdek meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jalik mahsuloti (23 mln yevro) bor.
Elchi Stiprays ta'kidlashicha, tomonlar hozirgi savdo hajmini qoniqarsiz deb tan olishgan hamda uni oshirish uchun harakat qilmoqda. YeI va O‘zbekiston bu maqsad uchun savdo-iqtisodiy munosabatlarni rag‘batlantiruvchi bir necha o‘ziga xos yo‘ldan foydalanmoqda.
Birinchidan, tomonlar ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni mavjud bo‘lgan institutsional mexanizmlar doirasida rivojlantirish bo‘yicha doimiy va ochiq muloqotda.
Bundan tashqari, tomonlar ayni damda savdo va investitsiyalar bo‘yicha Kengash tashkil etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Uning ishida rasmiy shaxslardan tashqari, mahalliy ishbilarmonlar va Yevropa firma hamda kompaniyalar vakillari ishtirok etadi.
Ikkinchidan, YeI O‘zbekistondan tayyor mahsulot eksportini rag‘batlantiradi. Bu uni Yevropa bozoriga yetkazib berishdagi to‘siqlarni olib tashlash orqali amalga oshiriladi.
Uchinchidan, YeI va O‘zbekiston o‘rtasida mahsulotlar ayirboshlash hajmini oshirishni rag‘batlantirishda mamlakatda Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magi yordamida amalga oshirilayotgan loyihalar ham katta o‘rin tutadi. O‘zbekiston YeIdan har yili millionlab yevrolik moliyaviy yordam oladi. Bu yordam birinchi navbatda iqtisodiy rivojlanishga ko‘mak berishga yo‘naltirilgan, dedi elchi Stiprays.
O‘zbekistonga moliyaviy yordami miqdori 2014-2020 yillarda 168 million yevroni tashkil etadi. Bu esa 2007-2013 yillardagi davr bilan solishtirganda 124 foizga oshishni ko‘rsatadi. 2014-2020 yillar oralig‘idagi davrda YeIning O‘zbekistonga iqtisodiy rivojlanish sohasidagi ko‘magi dasturi doirasida qishloq tumanlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan loyihalar amalga oshiriladi.
Kutilishicha, loyihalar natijasida mahalliy fermerlar eksport salohiyati rivojlanadi. Bu esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va Janubiy Koreya kabi davlatlariga eksport qilishni yanada oshirish imkonini beradi.
Shuningdek, elchi Stiprays tomonidan eslatib o‘tilgan YeIning boshqa loyihasi mahalliy ishbilarmonlar boshqaruvchilik malakasini rivojlantirishni ko‘zda tutadi. “Menejmentga o‘qitish dasturi” loyihasi asosiy maqsadi malakali ishbilarmonlar va menejyerlar sonini oshirishdan iborat. Ular kichik va o‘rta biznesni samarali boshqarishlari hamda ishlab chiqarishni oshirish va o‘z korxonalarining uzoq muddatli kelajakda rivojlanishini ta'minlaydilar. Dastur doirasida 2013-2017 yillarda bu natijalarga erishish uchun o‘zbek firma va kompaniyalar rahbarlari, shuningdek mahalliy biznes assotsiatsiyalari ekspertlari uchun Yevropada amaliyotlar tashkil etildi.
Loyiha doirasida tanlov asosida ajratib olingan 152 ishtirokchi Yevropa Ittifoqining 20 davlatidagi kompaniya va tashkilotlarda 2-4 haftalik amaliyotdan o‘tishdi. Ulardan 126tasi menejyerlar, 26 nafari esa biznes assotsiatsiyalar ekspertlari bo‘lgan. Amaliyot davomida o‘zbekistonlik menejyerlar Yevropadagi hamkasblari bilan tajriba almashishlari, zamonaviy boshqaruv uslublarini o‘rganishlari, Yevropada biznes yuritish madaniyati bilan tanishishlari mumkin bo‘ldi. O‘zbek ishbilarmonlari YeIdagi yangi sheriklar bilan aniq shartnomalar imzolash va qo‘shma korxonalar yaratish bo‘yicha aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi.
Elchi Stiprays o‘zbek ishbilarmonlarini Yevropaga investitsiya kiritishga chaqirdi. U Jahon banki tomonidan har yili e'lon qilinadigan biznes yuritish yengilligi bo‘yicha taqdim etilgan reytingda YeIning 16 davlati top-30likka kirganini ta'kidlab o‘tdi. YeI delegatsiyasi rahbari Yevropa Ittifoqining 500 millionlik aholiga ega bozori xorijiy investorlar uchun qulay joy ekanini aytgan.
Elchi o‘z chiqishi yakunida turli sohalarga oid savollarga javob berdi. Savollar orasida YeIning undan Buyuk Britaniya chiqishdan so‘nggi kelajagi, Yevropada o‘zbek talabalarining ta'lim olishlari uchun imkoniyatlar, Yevropa Ittifoqi davlatlari hukumati tomonidan Shengen Bitimi hududida xorijiy fuqarolarning harakatlanishini nazorat qilishga oid viza va yangi xavfsizlik choralari ham bo‘lgan.
Mavzuga oid
17:48
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
22:39 / 04.11.2024
Xitoy Yevropa Ittifoqi bilan elektromobillar bo‘yicha «savdo urushiga» kirishdi
17:30 / 04.11.2024
YeIda NATOga qo‘shimcha ravishda xavfsizlik va mudofaa ittifoqini tuzish taklif etildi
01:00 / 31.10.2024