Jamiyat | 14:46 / 04.02.2017
10879
3 daqiqa o‘qiladi

WP: Tramp o‘g‘lini safarda qo‘riqlash 100 ming dollarga tushdi

foto: AP

AQSh prezidenti Donald Trampning o‘g‘li Erikning Urugvayga amaliy safari Amerika soliq to‘lovchilariga 100 ming dollarga tushdi, deb yozmoqda Washington Post gazetasi.

Erik Tramp yanvar oyi boshida, Donald Tramp tantanali qasamyod qilishidan avval Trump Organization kompaniyasi rahbari sifatida Urugvayga safar qilgan. Nashrning yozishicha, qonunga binoan, prezidentning yaqinlarini maxfiy xizmat xodimlari qo‘riqlashi uchun bir necha kunlik safarga 97 ming 830 dollar mablag‘ sarflangan. Undan 88 mingdan ortig‘i maxfiy xizmat xodimlarining mehmonxonada tunashlariga, yana 9,5 ming dollar AQSh elchixonasi xodimlariga to‘langan. 

Donald Tramp yanvar oyida prezidentlik davrida kompaniyasi boshqaruvidan vaqtincha ketishi va uning boshqaruvini o‘g‘illariga topshirishini, aktivlarini esa trast kompaniyasiga berishini aytgan edi. Biroq, Tramp mlrdlab dollarga baholanadigan aktivlaridan voz kechmaslikka qaror qildi. 

"Urugvayga safar shuni ko‘rsatdiki, prezident o‘z xususiy mulkidan voz kechmaganligi sababli, hukumat istar-istamas Tramp kompaniyasi bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda", — deb yozadi gazeta. Maqola muallifining fikricha, "hukumat organlari davlat rahbariga ish haqi to‘lashda yordam beradigan biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun majbur bo‘lmoqda". "Tramplar oilasi biznes va hukumatni ajratishga va'da berishgan edi. Biroq, ular byudjyet tomonidan moliyalashtiriladigan birinchi oilaga kafolatlangan himoyani olishmoqda", - deb yozadi gazeta. 

Nashrning xabar qilishicha, Tramp-kichik Trump Tower Punta del Este turarjoy kompleksining taqdimoti uchun Urugvayga tashrif buyurgan. Qiziqarli tomoni shundaki, xonadon narxi 500 mingdan 8 mln dollargacha bo‘lgan turarjoyni Tramp kompaniyasi qurmayapti. 

Gazetaga ko‘ra, qurilish kompaniyasi shunchaki Trump brendidan foydalanish huquqini sotib olgan va buning uchun 100 mingdan 1 mln dollargacha to‘lagan. 

Mavzuga oid