O‘zbekiston | 08:52 / 14.02.2017
37639
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan borishi mumkin

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

2017 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘istonga davlat tashrifi bilan boradi, deb xabar berdi Sputnik.

Ushbu tashrif Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev o‘zbek hamkasbini mehmonga shaxsan taklif etgani tufayli rejalashtirilmoqda. Sputnik’ning Toshkentdagi Qozog‘iston diplomatik vakolatxonasiga asosan yozishicha, tashrif davomida ikki tomonlama strategik sheriklik bo‘yicha ko‘plab masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Shu tariqa, savdo-iqtisodiy, transport-logistika sohasidagi hamkorlik, hududlar darajasidagi o‘zaro aloqalar va boshqa masalalar muhokama qilinadi.

"O‘zaro munosabatlarimiz dinamikasi 2016 yilning oxiri va 2017 yilning boshlarida juda faollashdi. Bizda hal qilinishi lozim bo‘lgan bir qator masalalar paydo bo‘lgani tabiiy. Bu jihatdan ikki davlat rahbarining uchrashuvi juda muhim va o‘z vaqtida", - deya aytib o‘tgan Qozog‘istonning O‘zbekistonda joylashgan elchixonasidagi manba.

Bundan tashqari, suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar va tashriflar ham rejalashtirilgan. Xususan, yangi mudofaa va harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha vazirlik vakillaridan tashkil topgan qozoq delegatsiyasi O‘zbekistonga kelmoqchi. Shuningdek milliy temir yo‘l operatorlari delegatsiyalarining uchrashuvi ham bo‘lib o‘tishi kerak.

Biroq, elchixona vakilining xabar berishicha, ikki tomonlama tashriflar ichida birinchi bo‘lib hududlar rahbari darajasidagi uchrashuvlar amalga oshirilishi mumkin. Xususan, mart-aprelda Navoiy va Jizzax viloyati hokimlarining Qozog‘istonga tashrifi rejalashtirilgan. Tomonlar Navoiy va Jizzaxdagi erkin-iqtisodiy zonalar doirasida Janubiy Qozog‘iston viloyatlaridan bo‘lgan ishbilarmonlar bilan hamkorlikni muhokama qilishadi.

Avvalroq O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid