Jamiyat | 20:37 / 14.02.2017
32313
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyadan tilla olib kirmoqchi bo‘lgan ayollar bojxonada to‘xtatildi

O‘zbekiston Respublikasi hududiga jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni aksiz solig‘i solinmasdan olib kirishning ruxsat etilgan me'yorlariga muvofiq umumiy og‘irligi 30 grammdan ortiq bo‘lmagan qimmatbaho toshlar va qimmatbaho metaldan tayyorlangan 5 donagcha zargarlik buyumlarini olib kirishga ruxsat etiladi.

Qolaversa, bojxona chegaralarini kesib o‘tish paytida to‘ldiriladigan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida olib o‘tilayotgan qimmatbaho zargarlik buyumlarining miqdori aniq ko‘rsatilishi shart.

Shunga qaramay, Toshkent xalqaro aeroportida Istanbuldan uchib kelgan fuqarolar Otabayeva va Sotiboldiyevalar (maqoladagi barcha ism shariflar o‘zgartirilgan) mazkur tartiblarni buzishga urinishdi. «Toshkent-Aero» ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan ushbu shaxslar bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ularning qing‘ir qilmishlari fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Jumladan, fuqaro Sotiboldiyeva yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ma'lum qilmasdan turib, 294 gr. og‘irlikdagi tilla va kumushdan tayyorlangan 87 dona zargarlik buyumlarini qo‘l yuklari orasiga yashirgan holda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Uning hamrohi Otaboyevaga esa bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga urinib, 61 gr. og‘irlikdagi 10 dona tilla taqinchoqlarni egnidagi kiyimlarining cho‘ntaklariga yashirgancha olib o‘tish rejasi naf bermadi.

Shuningdek, poytaxt aeroporti bojxonachilari “Seul-Toshkent” reysi bo‘yicha parvozini yakunlagan fuqaro Bahromovning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yishdi. Ushbu shaxs ham bojxona nazoratidan yashirgancha 3 turdagi 35 dona qo‘l telefonlarini olib kirishni ko‘zlagan edi. Ammo bu reja o‘z vaqtida chipakka chiqarildi.

Xuddi shunday holat Farg‘ona viloyati bojxonachilari tomonidan ham aniqlandi. Chegaradosh hududda harakatlanayotgan “Neksiya” avtomashinasi o‘rnatilgan tartibda xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, er-xotin Sodiqovalar qiymati 34,5 mln. so‘mlik 5 turdagi 45 dona uyali aloqa vositalarini bellariga bog‘lab olgancha, qo‘shni davlatdan olib kirishga urinishgani aniqlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi hududiga radioelektron vositalari va yuqori chastotali qurilmalarni keltirish to‘g‘risidagi tartiblarga muvofiq shaxsiy foydalanish uchun mo‘ljallangan 1 donadan ortiq uyali aloqa vositalarini olib kirish Elektromagnit moslashuv markazining ruxsatnomasi asosida amalga oshiriladi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid