Jahon | 15:40 / 18.02.2017
12303
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar barham topdimi?

Tojikiston prezidenti Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboni bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashishgan.

Ta'kidlanishicha, Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi aloqalar 80ta hujjat bilan tartibga solinadi. Ular siyosiy, iqtisodiy, transport, energetika, ta'lim va ilmiy sohalarga tegishli, deb xabar qiladi Tojikiston rahbari matbuot xizmati.

Imomali Rahmon va Salohiddin Rabboni mintaqaviy hamkorlikni faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etishdi.

Tomonlar shuningdek xalqaro terrorchilik, ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash va chegaralar himoyasi bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilishgan.

Salohiddiy Rabboni Dushanbega 16 fevral kuni rasmiy tashrif bilan keldi. U juma kuni tojikistonlik hamkasbi Sirojiddin Aslov bilan uchrashdi.

Tojikiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirliklari bayonotida diplomatik mojarolar, jumladan afg‘on amaldorlarining keskin bayonotlari haqida hech narsa deyilmadi.

O‘tgan yilning oxirlarida Qunduz sobiq gubernatori Umar So‘fi Tojikistonni “Tolibon” bilan hamkorlikda ayblagandi. Tojikiston tashqi ishlar vazirligi esa bu bayonotni “provokatsiya” deb atadi.

Ikkinchi mojaro esa Afg‘onistonning Rossiyadagi elchisi Abdulqayum Ko‘choy bilan bog‘liq bo‘ldi. U afg‘onistonlik videoblogger Shafe Ayorga bergan intervyusida Tojikistonda mafiya guruhlari faoliyat olib borishi hamda ular Afg‘oniston hududida narkotrafik bilan shug‘ullanishini ma'lum qildi.

Afg‘onistonning Rossiyadagi elchisi so‘zlari Dushanbe va Moskvada salbiy qarshi olindi. Tojikiston Kobuldan tushuntirish berilishini talab qildi hamda “Afg‘oniston Islom Respublikasining rasmiy vakili tomonidan ushbu salbiy “bayonot”ni barcha tomonlama tahlil qilish bo‘yicha samarali choralar ko‘rishni” so‘radi.

Tojikiston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlarining do‘stona va iliq muloqoti esa mamlakatlar o‘rtasidagi barcha tushunmovchiliklar ortda qolgani hamda tomonlar avvalgi tartibda o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishayotganini ko‘rsatdi.

Mavzuga oid