Fan-texnika | 14:45 / 21.02.2017
14473
3 daqiqa o‘qiladi

Garajda yasalgan ajoyib uchar mashina

Individual uchar apparatlar yasash va uni avtomobillar sanoati ko‘lamigacha rivojlantirish g‘oyasi o‘zining boshlang‘ich nuqtasini boshlashga yaqin bormoqda. Dubay shahar hokimiyati joriy yil yozda Ehang taksi-dronlari bilan uchuvchisiz reyslarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Niderlandiyaning PAL-V startapi "dunyodagi birinchi sertifikatlangan seriyali Liberty uchar avtomobillar"ini ishlab chiqarishga ariza qabul qila boshladi. 

Biroq faqatgina kompaniyalar mana shunday avtomobillar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanmaydi. So‘nggi 10 yil ichida multikopterlar uchun ehtiyot qismlari ancha arzonroq uchray boshladi va ular ko‘payib qoldi. Qurilmani yig‘ish texnologiyasi esa u qadar murakkab emas — bu ijodkor insonlarga bir zumda garajda o‘zining ko‘p vintli uchar qurilmalarini yaratishi uchun turtki bo‘ladi. 

Masalan, gollandiyalik kishilar havaskor Sky-Hopper multikopterini yaratdi. Uning prototipi o‘rtasida kichik o‘rindiqli yengil, ichi bo‘sh alyuminiy quvur va 16 propellerlardan iborat. Sky-Hopper boshqaruvi oddiy masofaviy pult yordamida amalga oshadi. U operator yoki osmondagi uchuvchi qo‘lida turishi mumkin.

Hozirda multikopterning kamchiligi juda ko‘p. Misol uchun, sayohatchi shamol va havoda uchrashi mumkin bo‘lgan ayrim ko‘ngilsizliklardan himoyalanmagan. Shunday ekan, parvoz xavfsizligi bo‘yicha hal etilmagan masalalar ham yetarli.

Shu sababli niderlandiyaliklar jamoasi yopiq korpusli navbatdagi Sky-Hopper prototipini yaratish niyatida. Joystik to‘laqonli boshqaruv paneliga o‘zgartirilishi kutilmoqda. Biroq Sky-Hopper'da xavfsizlik bo‘yicha ko‘plab muammolarning mavjudligi hali ham uning jahon bozoriga chiqishiga to‘sqinlik qiladi.

Mashinada xavfsizlik yostig‘i ham, parashyut ham, ishlangan tez qo‘nish usuli ham mavjud emas. Ayni damda mazkur apparat ijodkor kishilarning havaskor uchar o‘yinchog‘i sifatida qolaveradi. 

Boshqa tomondan esa, aynan shunday qiziqqon shaxslar yosh sanoatni olg‘a surishga turtki bo‘lishadi, shuningdek, uni yanada samaraliroq, tezroq rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Kelajak transporti uchun kerak bo‘ladigan sifatli va o‘ylab topilgan yangi qismlarni yaratishga yordam beradi.

Mavzuga oid