Jamiyat | 16:20 / 25.02.2017
30161
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Stop xam» harakatining gibridi paydo bo‘ldi

“Voditeli Tashkenta” ijtimoiy guruhi poytaxt ko‘chalaridagi eng jiddiy muammolardan biriga qarshi kurashishga bel bog‘lagan ko‘rinadi. U ham bo‘lsa avtomobilni ruxsat berilmagan joyda yoki avtoturargohda noto‘g‘ri to‘xtatishdir. 

Gap shundaki, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhida Toshkent uchun (aslida, O‘zbekiston uchun ham) yangilik bo‘lgan holat qizg‘in bahs-munoazaralarga sabab bo‘ldi. Tashabbuskor kishilar guruhi avtomobil to‘xtash joyiga noto‘g‘ri qoldirib ketilgan Cobalt markali avtomobilning old oynasiga mashina haydovchisini tartibga chaqiruvchi stikerni yopishtirishgan. Stikerda «Golovu vklyuchat mne len, ya parkuyus, kak olen» yozuvlarini o‘qish mumkin. 

Guruhga a'zo bo‘lganlarning aksariyati ushbu tashabbusni ma'qullagan bo‘lsa-da, Cobalt egasining sha'nini himoya qilganlar ham yo‘q emas edi. Ularning fikricha, hukm chiqarishni bir guruh kishilar qo‘liga topshirish mumkin emas. Balki, buning uchun mas'ul bo‘lgan idoralar bor.

Qayd etish joizki, Toshkent shahrining markaziy ko‘chalarining aksariyatida qonunga muvofiq ravishda avtomobillarni qoldirib bo‘lmaydi. Chunki, bunga moslashtirilmagan. Vaziyatni ko‘p sonli to‘xtashni taqiqlovchi belgilar ham chigallashtiradi. 

Ayrim ekspertlar yo‘l belgilarini o‘rnatishni qayta ko‘rib chiqish va ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish kerakligini aytishadi. Shu bilan birga, tanganing orqa tomoni ham bor. Nafaqat haydovchilar o‘rtasida, balki yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilari orasida ham o‘zaro hurmat tushunchasi mavjud emas. Haydovchilar istagan joyda mashinalarini qoldirishadi, piyodalar istagan joydan yo‘lni kesib o‘tishadi. 

Shahar yo‘l harakatiga dog‘ bo‘lib tushayotgan hatti-harakatlarga davlat tomonidan solinayotgan jarimalar ham ahvolni o‘nglayotgani yo‘q. Hatto, shunday hollar ham bo‘ladiki, qoidabuzarning o‘zi, qoidani buzib turganini anglagani holda, qo‘pol bo‘lsa ham “bezbetlik” qilib o‘z “haq”ligini da'vo qilishadi. Nahotki, boshqalarga nisbatan ozgina ko‘proq pul topish, ularni mensimaslikka asos bo‘la olsa?! Ulardagi insoniy hissi, shuuri qayerga yo‘qoldi? 

Nima ham derdik, ko‘chalardagi turli xil asabbuzarliklar, salbiy holatlar tezda barham topishiga, o‘zbekistonliklar qayerda bo‘lishmasin, o‘zaro bir-biriga hurmat bilan yondashishlariga umid qilib qolamiz. 

Mavzuga oid