O‘zbekiston | 17:35 / 28.02.2017
10556
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh elchisidan intervyu: O‘zbekiston salohiyatli iqtisodiy lokomotiv hisoblanadi

O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil bo‘ldi. Shu munosabat bilan AQShning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Pamela Spratlen "Jahon" axborot agentligi muxbirining savollariga javob berdi. 

"Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston o‘zaro manfaatli va hurmat ustiga qurilgan keng va ko‘p qirrali munosabatlarni o‘rnatishda katta yutuqlarga erishdi. O‘n besh yil ilgari Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning imzolanishi hamkorlik darajasini oshirishga yordam berdi. Buni biz bugungi kunda siyosiy, iqtisodiy, harbiy va gumanitar sohalarda ko‘rib turibmiz. Mazkur kelishuv mevalarini yaqinda AQSh rasmiylari tomonidan amalga oshirilgan oliy darajadagi uchrashuvlar, yangi loyihalarning boshlanishi, shuningdek mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ochiq muloqot misolida ko‘rishimiz mumkin. 

Biz O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda faoliyat yuritish mumkin bo‘lgan, ertangi kun ehtiyojlarini inobatga oluvchi yangi sohalarni izlamoqdamiz", - deya gap boshladi Pamela Spratlen.

Muxbirning "O‘zbekiston-Amerika hamkorligining hozirgi holati va uning istiqbollarini qanday izohlagan bo‘lardingiz?" degan savoliga elchi xonim quyidagicha javob berdi:

Prezident to‘ng‘ich Jorj Bush 1991 yilning 25 dekabrida O‘zbekistonning mustaqilligini tan olgan. Keyingi 25 yilda esa Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab keldi. Bizning hamkorligimiz AQShning bir necha prezident ma'muriyati va O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan o‘tish davrida, ya'ni 2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovnning o‘limidan keyin Shavkat Mirziyoyevning prezident etib saylanganidan keyin ham davom etib kelmoqda. 

Bizning ko‘p tomonlama munosabatlarimizda 2015 yilda Samarqandda yo‘lga qo‘yilgan mexanizm AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi mintaqaviy formati bo‘ldi. 

Yaqindagina prezidentlarimiz o‘rtasida almashilgan maktublar 25 yillik hamkorlikni yuqori baholaydi. Bu shuningdek ikki tomonning kelgusidagi hamkorlikni mustahkamlash istagidan darak beradi. 

Hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri iqtisodiy va savdo-investitsiya sohasi hisoblanadi. Yaqinda Toshkentda Amerika-O‘zbekiston Savdo Palatasining (AO‘SP) navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Amerikaning 30 ga yaqin yirik kompaniyalari qatnashdi. 

"AO‘SP raisi K.Lemm xonim o‘z murojaatida Amerika tomon O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida ko‘rishini va kelgusida ham samarali hamkorlikni kengaytirishini ta'kidladi. Toshkentdagi AO‘SP yig‘ilishini qanday baholaysiz? O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida iqtisodiy sohadagi hamkorlikning hali foydalanilmagan ulkan salohiyati mavjud deyishga asos bormi?", - deya so‘radi muxbir. 

"Amerika-O‘zbekiston Savdo Palatasi forumi kabi hodisalar ikki mamlakat kompaniyalari vakillari uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadi. 

Forumdagi ishtirokim davomida ta'kidlab o‘tganimdek, "O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi tijorat aloqalari bizning ikki tomonlama munosabatlarimizda muhim tayanch hisoblanadi". Shunga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tijorat aloqalarini kengaytirish uchun yana ko‘p narsa qilish mumkin. Biz O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sishdagi ulkan salohiyatini amalga oshirish uchun u bilan hamkorlikni davom ettirishga qat'iy qaror qilganmiz. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo "yuragi"da joylashuvi savdo-sotiq uchun ajoyib platformani ta'minlaydi. Markaziy Osiyo aholisining yarmi uchun vatan hisoblangan O‘zbekiston salohiyatli iqtisodiy lokomotiv hisoblanadi.

Investitsiyalar haqida gap ketganda, aytish mumkinki, O‘zbekistonga sarmoya kiritgan yoki o‘z mahsuloti sotuvlarini yo‘lga qo‘yib, muvaffaqiyatga erishgan bir necha Amerika kompaniyasi mavjud. Amerika kompaniyalari avvalgidek O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyatidan manfaatdor bo‘lib, bu yerda yanada faollashish uchun shaffof va qulay biznes-muhiti yaratilishiga umid qilishmoqda", - deya javob berdi Spratlen xonim. 

AQSh elchisi madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik haqida ham so‘z yuritdi.

"Biz O‘zbekiston xalqi bilan AQSh musiqasi va madaniyatini bo‘lishishni yaxshi ko‘ramiz. Dekabr oyida Alice Underground ishtirokida bo‘lib o‘tgan konsertimiz musiqa qanday qilib odamlarni birlashtira olishi mumkinligini ko‘rsatdi. Madaniy almashinuv esa - bu ikki tomonlama harakat yo‘lga qo‘yilgan ko‘cha. Amerikalik rassom va musiqachilar bu mamlakatga kelib, O‘zbekiston bilan tanishuvlarini qanchalik qadrlashlarini aytishadi. Ular odamlarning oqko‘ngilliligi, mahalliy talabalar va musiqachilarning iste'dodi va bu yerdagi mehmondorchilikni alohida ta'kidlashadi.

Hamkorlikning yana bir sohasi ingliz tilini o‘rganish hisoblanadi. Biz AQShdan o‘qituvchilarni jalb qilish va o‘quv materiallarini taqdim etish yo‘li bilan O‘zbekiston hukumatining ingliz tilini o‘rganish tashabbusini qo‘llab-quvvatlash imkoniga ega bo‘ldik.

Madaniy almashinuv va ta'lim sohasidagi hamkorligimizni kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud va men O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikni davom ettirish orqali bu yo‘nalishdagi ishlarni sabrsizlik bilan kutib qolaman", - deya so‘zlarini yakunladi AQSh elchisi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid