O‘zbekiston | 21:08 / 01.03.2017
11188
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev General Electric vitse-prezidentini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni AQShning yetakchi kompaniyalaridan biri General Electric kompaniyasi vitse-prezidenti Ronald Jyeyms Pollettni qabul qildi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini rivojlantirishga qiziqishi ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi. 

Yaqinda Toshkentda AQShning General Electric, CNH Industrial, Caterpillar, Honeywell, Procter & Gamble va boshqa yetakchi kompaniyalari ishtirokida Amerika – O‘zbekiston savdo palatasining biznes-forumi muvaffaqiyatli o‘tdi. 

Ta'kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekiston korxonalarining iqtisodiyotning turli sohalarida jahondagi yetakchi texnologik kompaniyalardan biri bo‘lgan General Electric bilan hamkorligi energetika majmui, fuqaro aviatsiyasi va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab olgan. 

Uchrashuv chog‘ida ushbu kompaniya bilan uzoq muddatli, ayniqsa, yuqori texnologik tarmoqlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish istiqbollari muhokama qilindi. Bular elektr energetika, neft va gaz, elektrotexnika sanoati, zamonaviy tibbiy jihozlar ishlab chiqarish, ularga xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi yangi dastur va loyihalardan iboratdir. 

Uchrashuvda mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e'tibor qaratildi. 

Ronald Jyeyms Pollett samimiy qabul va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun prezidentga chuqur minnatdorlik bildirib, General Electric O‘zbekiston bilan keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini ta'kidladi. 

AQSh kompaniyasi vitse-prezidentining O‘zbekiston vazirliklari va idoralarida o‘tkazgan uchrashuvlari yakunida iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘shma loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi. 

Mavzuga oid