Jahon | 16:51 / 13.03.2017
4851
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada 43 yil avvalgi hujumda ayblanayotgan terrorchi  sudlanmoqda

Foto: AP

Ko‘proq Karlos va Shoqol laqablari bilan tanilgan xalqaro terrorchi Ilich Ramires Sanches 13 mart, dushanba kuni Fransiyada sud oldida javob beradi - bu safar 1974 yilda amalga oshirilgan Parijdagi Drugstore Publicis savdo galereyasidagi teraktga doir ish bo‘yicha. RIA "Novosti" shu haqida xabar berdi. 

Venesuelalik terrorchining ishi uch hafta davomida professional sudyalardan iborat maxsus sud hay'ati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ular 17 nafar guvoh va 2 ekspert ko‘rsatmasini tinglashadi. Bu Karlosning Fransiyadagi eng so‘nggi sudi bo‘lishi kutilmoqda. 

1974 yilning sentabrida Fransiya poytaxtidagi Renn ko‘chasida joylashgan Drugstore Publicis'da ro‘y bergan portlash natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, 34 nafari jarohat olgan. 1979 yilda Al Watan Al-Arabi nashrida Karlos granatani portlatganiga iqror bo‘lgan intervyu paydo bo‘lgan. Biroq tergov davomida terrorchi bunday intervyu bermagani va o‘zini aybdor deb hisoblamasligini aytdi. 

Karlos 1994 yilda Xartum (Sudan)da qo‘lga olingan va Fransiyaga ekstraditsiya qilingan. 1997 yilda Fransiya sudi uni 1975 yilda Parijda uch kishi, shu jumladan ikki nafar huquq-tartibot organi xodimining qotilligida ayblab, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Keyinroq terrorchiga 1980-yillar boshida amalga oshirgan to‘rt terakt uchun yana bir umrbod qamoq jazosi berildi, ushbu teraktlar natijasida 11 kishi halok bo‘lgan, 150 nafarga yaqin kishi jarohat olgan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid