O‘zbekiston | 19:06 / 16.03.2017
42057
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi nomi o‘zgardi

Joriy yilning 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni imzolandi. 

Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, deb qayta nomlandi. Bu haqda Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berdi.

Shuningdek, Farmonda Markazning asosiy vazifalari belgilandi. 

Xususan, aholiga bepul asosda malakali ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali shoshilinch, tez va kechiktirib bo‘lmaydigan tibbiy xizmat ko‘rsatish, samaradorligi bo‘yicha jahon talablariga mos keladigan shoshilinch tibbiy yordam tizimining faoliyatiga tashkiliy-uslubiy rahbarlik qilish, kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarning profilaktikasi, diagnostikasi va ularni davolash bo‘yicha yangi, samarali texnologiyalarni yaratish, xorijiy turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish kabi yo‘nalishlar Markazning asosiy vazifalari sifatida qayd etildi. 

Bundan tashqari, Markaz shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida fan va ilmiy tadqiqotlar rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish va ilg‘or  texnologiyalarni yaratish yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borishni, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi uchun ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni ham muvofiqlashtirib boradi.

Mavzuga oid