Light | 11:13 / 19.03.2017
55347
6 daqiqa o‘qiladi

So‘nggi 20 yilda qurilgan eng qimmatbaho osmono‘par binolar (fotojamlanma)

So‘nggi o‘n yilliklarda osmono‘par binolar balandligi va tabiiyki, ularning qurilish narxi muntazam ravishda oshib bordi. Business Insider so‘nggi 20 yil ichida bunyod etilgan eng qimmatbaho osmono‘par binolar reytingini taqdim etdi

Reytingni tuzishda 152 metrdan kam bo‘lmagan balandlikdagi binolar hisobga olindi, ular ro‘yxatda qurilish bahosi o‘sishiga qarab joylashtirilgan. 

2006 yilda hindistonlik magnat Mukesh Ambani 27 qavatli Antiliya binosini qurdirib, oila a'zolari bilan shu binoda istiqomat qiladi. 

Antiliya 1 milliard dollarga baholanadi va o‘z qiymatiga ko‘ra, Bukingem saroyidan keyingi ikkinchi o‘rindagi xususiy uy hisoblanadi. Bu bino 8 balli zilzilaga bardoshli qilib loyihalashtirilgan. 

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda joylashgan Burj Al-Mamlakat inshooti qurilishi taxminan 1 milliard dollarga tushgan. 302 metrli osmono‘par binoning qurilishi 2002 yilda nihoyasiga yetgan. 

Mazkur binoning ikkinchi qavatida savdo markazi, bank va faqat ayollar kirishi mumkin bo‘lgan masjid joylashgan. Burj Al-Mamlakat Amerikaning Ellerbe Necket firmasi tomonidan loyihalashtirilgan. Binoda shuningdek idoralar, apartamentlar va mehmonxonalar joylashgan, osmono‘par binoning yuqori qismida esa 56 metrli yopiq o‘tish yo‘li mavjud. 

Dubaydagi Burj Al-Xalifa qurilishi 2004 yildan 2009 yilgacha davom etgan va unga taxminan 1,5 milliard dollar sarflangan. 

Inshootning balandligi 828 metrni tashkil qiladi - bu dunyodagi eng baland bino. Uning ichida apartamentlar, sakkiz mehmonxona, do‘konlar, restoranlar va idoralar joylashgan.

Yevropa Markaziy bankining 2015 yilda qurilishi tugallangan Frankfurtdagi shtab-kvartirasi 1,25 milliard dollarga baholangan. 

Egizak-minoralarda Yevropa markaziy banki - yevrohudud markaziy bankining shtab-kvartirasi joylashgan. 

Londondagi 95 qavatli The Shard binosi qurilishi 2012 yilda tugallangan va u 1,5 milliard dollarga baholanadi. 

Buyuk Britaniyaning eng baland binosida apartamentlar, mehmonxona, restoranlar, idoralar, biznes-maktab, do‘konlar, tibbiy markaz va manzarali maydon joylashgan. 

Taybey 101 binosi 2004 yilda qurilgan va u 101 qavatdan iborat. Tayvan poytaxti uzra qad ko‘targan binoning qurilishi 1,8 milliard dollarga baholanadi. 

Binoning eng diqqatga sazovor joyi -  87- va 92-qavatlar o‘rtasida osib qo‘yilgan tilla bilan qoplangan bezak. Boshqa qavatlarda esa idoralar, do‘konlar va restoran joylashgan. 

Las-Vegas-Strip xiyobonidagi Palazzo kazinosi 2007 yilda qurilgan, uning qurilishiga 2,05 milliard dollar ajratilgan. 

Mehmonxona va kazino dizayniga Italiya Uyg‘onish davri me'morchiligi ta'sir ko‘rsatgan. 

Dubaydagi Princess Tower qurilishi 2,17 milliard dollarga tushgan. 2012 yilda barpo qilingan osmono‘par binoda do‘konlar va 763 lyuks kvartira joylashgan. 

Yuqori qavatlardan juda ajoyib manzaraning guvohi bo‘lishingiz mumkin.

Makaodagi The Venetian inshootida lyuks toifali mehmonxona, savdo markazi va kazino joylashgan. 2005 yilda qurilishi tugallangan 225 metrli majmuaga 2,4 milliard dollar sarflangan. 

Majmua hududidan Venetsiya kanallariga o‘xshash qurilgan kanal oqib o‘tadi. Unda xaridorlarni bir do‘kondan ikkinchisiga olib boruvchi qayiqlar harakatlanadi. 

2012 yilda qurilishi yakunlangan Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi bahosi 3,8 milliard dollarni tashkil qildi. Bino avvalgi jahon savdo markazi joylashgan maydonning yonida joylashgan. Endilikda esa u yerda 11 sentabr qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan memorial qad ko‘targan. 

Xushmanzara maydonga olib chiquvchi liftlarda displeylar o‘rnatilgan bo‘lib, ularning yordamida so‘nggi 500 yilda Manxetten manzarasi qanday o‘zgarganini ko‘rish mumkin. 

2010 yilda Las-Vegasda Cosmopolitan osmono‘par majmuasi qurilishi tugallandi, uning bunyod etilishiga 3,9 milliard dollar sarflangan. 

Majmuaning asosiy diqqatga sazovor jihati yarqirab turuvchi ulkan qandil hisoblanadi. Cosmopolitan'da kazino, do‘konlar, restoranlar, teatr, fitnes-markaz, spa-salon va anjumanlar zali joylashgan. 

Las-Vegas-Strip xiyobonidagi Wynn mehmonxona-kazinosi 187 metrdan iborat bo‘lib, uning qurilishi 2005 yilda yakunlangan va 4,1 milliard dollarga baholangan.

Bu - majmuaning ichkaridan ko‘rinishi. 2016 yilda u yerda rekonstruksiya boshlangan, u 2020 yilda tugallanishi ko‘zda tutilgan, bahosi - yana 1,6 milliard dollar.

2010 yilda Singapurda ochilgan Marina Bay Sands majmuasi uch minoradan tashkil topgan. 

Uning bahosi 5,7 milliard dollarni tashkil qilgan, bu Marina Bay Sands'ni dunyoning eng qimmatbaho kazinolari qatoriga qo‘shadi. Unda kazinodan tashqari yana mehmonxona, anjumanlar markazi, savdo markazi, ikki teatr, yetti restoran va yaxmalak bor.

Abraj Al-Bayt majmuining yetti minorasidan birinchisi - 2007 yilda, oxirgisi 2012 yilda qurilgan. Butun loyiha bahosi 15 milliard dollarni tashkil qilgan. Mazkur majmua Makkada joylashgan va u Saudiya Arabistoni hukumatiga tegishli. 

Eng baland minora (120 qavat)ning cho‘qqisida dunyodagi eng katta soatlar o‘rnatilgan. 

Inooshotga ulkan tillarang yarimoy yakun yasaydi. 

Bino ichida restoranlar, besh qavatli savdo markazi, mehmonxonalar va lyuks toifali apartamentlar, shuningdek parking joylashgan. 

Majmua Masjid-ul-Haramdan ko‘rinib turadi.

Mavzuga oid