Fan-texnika | 17:31 / 20.03.2017
4336
2 daqiqa o‘qiladi

Uber prezidenti ishdan ketmoqda

Uber prezidenti Jyeff Jouns kompaniyadan ketmoqda, deb xabar beradi Reuters. U bu lavozimda bir yildan kamroq vaqt davomida ishladi.

Manba ma'lumotiga ko‘ra, Jounsning ketishi kompaniya ichidagi mojarolar va muammolar bilan bog‘liq. Jouns vaziyat u prezident lavozimiga rozi bo‘lgan holatdan so‘ng ancha murakkablashib ketganini tushungan.

Reuters ma'lumotiga ko‘ra, iste'foga Uber asoschisi Trevis Kalanik o‘ziga boshqaruvda yordam berishi mumkin bo‘lgan operatsion direktorni topmoqchi ekani sabab bo‘lgan.

O‘z navbatida, Jounsning Facebook’dagi sahifasi haydovchilarning shikoyatli izohlari bilan to‘lib ketgan.

So‘nggi bir necha haftada Uber bilan bog‘liq qator mojarolar ro‘y berdi, ular Donald Trampning muhojirlikka qarshi farmoniga kompaniya tomonidan bir qadar kutilmagan reaksiya bildirilganidan so‘ng boshlandi hamda buning oqibatida 200 ming mijoz servisga boykot e'lon qildi. Bundan tashqari, kompaniyani uning rahbariyati jinsiy shilqimlikka ko‘z yumayotgani va shovinistik tartib-intizomni qo‘llab-quvvatlayotganida ayblashdi.

Shuningdek Alphabet ham Uber’ga qarshi da'vo arizasi bilan chiqdi. U kompaniya bo‘linmasi – Otto’ni Waymo’dan avtomobillar uchun haydovchisiz boshqarish texnologiyasini o‘g‘irlashda ayblamoqda.

Ma'lumot uchun, o‘tgan yilda Jyeff Jouns keyinchalik UberEverything rahbariga aylangan Rayan Greyvsni kompaniya prezidenti lavozimida almashtirgandi.

Mavzuga oid