Jahon | 01:33 / 22.03.2017
26246
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya ichki ishlar vaziri qizlari sabab iste'foga ketdi

Foto: AFP

Fransiya ichki ishlar vaziri Bryuno Le Ru qizlarini o‘ziga parlament yordamichilari qilib ishga olgani bilan bog‘liq mojaro sabab iste'foga ketdi. 

"Men prezident Fransua Ollandga iste'foga ketishim haqidagi arizani topshirdim", deb aytgan Le Ru.

Uning ta'kidlashicha, u insoniy munosabatlar borasida ham, siyosiy xatti-harakatlari borasida ham halol bo‘lgan. Le Runing aytishicha, qizlari bilan tuzilgan shartnomalar qonuniy bo‘lgan va ular barcha talab qilingan ishni to‘laqonli bajarishgan.

Le Ru Fransiya ichki ishlar vaziri lavozimini bor-yo‘g‘i 3 oy 15 kun egalladi. Uning o‘rniga tashqi savdo, sayyohlikni rivojlantirish va fransuz fuqarolarining xorijdagi ishlari bo‘yicha davlat kotibi lavozimini egallagan Mattias Fekl keldi.

Avvalroq Fransiya moliyaviy prokuraturasi Le Ru qizlarining ishga joylashtirilishlari bo‘yicha dastlabki tergovni boshlagandi.

Aniqlanishicha, Le Runing qizlari maktab o‘quvchisi va talabalar bo‘lgan kezlarida Fransiya parlamenti quyi palatasida otalarining parlament yordamchilari bo‘lib ishlashgan. Le Runing aytishicha, uning qizlari ta'til vaqtida vaqtinchalik asosda ishlashgan. 

Mavzuga oid