Jahon | 10:07
801
2 daqiqa o‘qiladi

Eyfel minorasining bir qismi auksionda sotildi

Fransiyadagi auksionda Eyfel minorasining original vinsimon zinasi qismi qariyb 450 ming yevroga sotildi. Bu haqda Arcurial auksion uyi ma’lum qildi.

Foto: REUTERS

Sotuvga qo‘yilgan fragment balandligi taxminan 2,7 metr bo‘lib, 14 ta pog‘onadan iborat. Auksion oldidan uning qiymati 120–150 ming yevro atrofida baholangan edi. Biroq nomini oshkor qilmagan fransuz kolleksioneri eng yuqori narxni taklif qilib, noyob artefakt egasiga aylandi.

Ushbu zina Eyfel minorasining ikkinchi va uchinchi qavatlarini bog‘lab turgan. Aynan shu pog‘onalar orqali 1889 yildagi Butunjahon ko‘rgazmasi mehmonlari yuqoriga ko‘tarilgan. Minora o‘sha ko‘rgazma uchun muhandis Gyustav Eyfel tomonidan qurilgan.

Qariyb 1,4 tonna og‘irlikdagi konstruksiya 40 yildan ortiq vaqt xususiy kolleksiyada saqlangan. Sotuvdan oldin uni Eyfel minorasi bilan ishlaydigan mutaxassislar restavratsiya qilgan.

Ma’lum qilinishicha, 1983 yilda xavfsizlik sabab ushbu zina demontaj qilinib, uning o‘rniga zamonaviy liftlar o‘rnatilgan. Keyinchalik konstruksiya 24 qismga bo‘lingan.

Hozirda zina bo‘laklarining ayrimlari Nyu-Yorkdagi Ozodlik haykali yonida, Yaponiyadagi muzey va xususiy bog‘larda, shuningdek Disneylendda saqlanmoqda.

Eyfel minorasi dastlab vaqtinchalik inshoot sifatida qurilgan bo‘lib, ko‘rgazmadan keyin buzib tashlanishi rejalashtirilgan edi. Ammo vaqt o‘tishi bilan u Parijning asosiy ramziga aylandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid