Qo‘qonda tashkilotlar mas'uliyatsizligi oqibatida ikki navqiron yigit majruh bo‘lib qoldi
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridan «Kun.uz» tahririyatiga murojaat kelib tushdi. Unda Turkiston ko‘chasi, 20-uy, 27-xonadonda istiqomat qiluvchi fuqaro Umarova Saodat Abdullayevna o‘z oilasida ro‘y bergan dahshatli voqeani bayon qilgan.
Uning ma'lumot berishicha, 2017 yilning 18 mart kuni tonggi soat 3:00 atrofida Qo‘qon shahriga yondosh joylashgan Dang‘ara tumani hududidagi Oydin ko‘chasi, 78-uyda qizining yashab turgan uyda gaz portlagan. Portlashga gaz tez-tez o‘chishi oqibatida gaz to‘planib qolgani sabab bo‘lgan. Ushbu portlash oqibatida Umarova Saodatning kuyovi va uning ikki farzandi jarohatlanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.
U nabiralari Sheraliyev Bilol va Sheraliyev Abu Bakrning holati shifokorlar tomonidan o‘ta og‘ir deb baholanganini aytgan. Jabrlanuvchilar ayni vaqtda Qo‘qon shahar Tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga og‘ir ahvolda qolmoqda.
«Bizning Qo‘qon shahrimiz oxirgi yillarda eng qoloq shaharlardan biri bo‘lib qolgan. Tabiiy gaz, elektr energiyasi istalgan vaqtda beriladi, istalgan vaqtda o‘chiriladi. Aholining mashaqqati viloyat hokimiyatini tashvishga solmaydi.
Ushbu portlash sodir bo‘lganidan so‘ng gaz idorasining rahbariyati ham, mahalliy hokimlik vakillari ham ushbu holat yuzasidan qiziqib voqea joyiga kelishmagan. Hatto birov kasalxonaga borib, jabrlangan nabiralarim holatidan xabar ham olmadi. Axir ushbu noxush hodisa uchun mas'uliyat shahar gaz idorasi rahbarining zimmasidaku», deya yozgan shikoyat qiluvchi.
U oxirgi yillarda Qo‘qon shahri aholisining 30-40 foizi umuman tabiiy gazsiz qolgani, 70-60 foiz kishi esa gaz quvurlariga nasoslar o‘rnatib olgan holda kun ko‘rayotganini keltirib o‘tgan.
«Shahar gaz idorasi rahbari Tolipov Ulug‘bek og‘zaki ravishda ruxsat berishi natijasida shaharning ko‘pgina qismida yashovchi aholi gazdan nasoslar o‘rnatgan holda foydalanib kelmoqda. Shunga o‘xshash hodisalar shahrimizda oxirgi yillarda ko‘p kuzatilmoqda. Bunday noxush hodisalar tufayli insonlar jarohatlanib mayib-majruh bo‘lmoqda hamda, qurbon bo‘lganlar ham kam emas. Lekin negadir ushbu hodisalar yuzasidan na Tolipov Ulug‘bek va na uning otasi, gaz idorasining sobiq rahbari Tolipov Baxtiyor javobgarlikka tortilmagan. Axir bu voqealar yuzaga kelishiga ushbu shaxslarning mas'uliyatsizligi, o‘z vaqtida aholini ogohlantirmasdan gazni o‘chirib yoqishi va shunga o‘xshash holatlar sabab bo‘lmaganmidi?» deya kuyinib yozadi jabrlanuvchi.
U shunday holatlar ro‘y berganida olib boriladigan surishtiruv ishlari vaqtida aholi vakillarining o‘zini aybdor qilib ko‘rsatib, ishni yopti-yopti» qilishlari haqida ma'lum qilgan.
«Agar aholiga tabiiy gaz o‘z vaqtida yetkazib berilsa, kim o‘z jonini xatarga qo‘yib, nasos o‘rnatadi yoki talabga javob bermaydigan elektr va boshqa isitgichlardan foydalanadi?
Qo‘qon shahrining mavjud tabiiy gazdan qarzdorligi Tolipov Baxtiyorning rahbarlik davriga to‘g‘ri keladi. Hozirda uning o‘g‘li gaz idorasida rahbarlik qilib kelmoqda. Qani adolat? Nima uchun kimlarningdir boylik to‘plashi evaziga aholi jabr tortishi kerak?
Nevaralarimning biri 20 yoshda, ikkinchisi 22 yoshda. Ayni kuch-quvvatga to‘lib, O‘zbekistonning rivojlanishi uchun o‘z hissasini qo‘shadigan vaqtda shifoxonaning jonlantirish bo‘limida, hayoti qil ustida yotishi adolatdanmi?», deya davom etilgan maktubda.
Qo‘shimcha qilinishicha, shifoxona xarajatlari uchun har kuni 1 million so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanmoqda. Uning kuyovi ham ayni vaqtda jarohatlangan holda shifoxonada qolmoqda. Ushbu oilaga moddiy yordam ko‘rsatilmagan, yetkazilgan moddiy zarar qoplanmagan.
«Kuyovim shifoxonada, nevaralarim shifoxonada, ularga dori-darmonni yetkazib berishga qurbimiz 10 kunga, balki 20 kunga yetar. Keyin nima bo‘ladi? Dodimni kimga aytaman? Xudoga shukrki, shifokorlar jim turishgani yo‘q, qo‘llaridan kelgancha yordam qilishyapti. Shifokorlar o‘z vaqtida kerakli yordamni ko‘rsatib, nevaralarimning hayotini saqlab turishibdi», deydi ona.
U Qo‘qon tibbiyot birlashmasi rahbariyati, shifokorlar va hamshiralarga minnatdorchilik bildirgan.
U ushbu voqea yuzaga kelishiga sababchi bo‘lgan gaz idorasi rahbariyatini javobgarlikka tortish va nevaralarining davolanishi uchun moddiy yordam ajratish yuzasidan amaliy yordam berilishini o‘tinib so‘ragan.
Tahririyatga yuborilgan maktubda bolalarning hozirgi qo‘rqinchli holati aks etgan suratlar ilova qilingan. Ulardan birida kuyish darajasi 85 foiz. Tog‘aning ma'lumot berishicha, 23 va 20 yoshlardagi bu yigitlar hunarmandchilik bilan shug‘ullanishar, endi nogiron bo‘lib qolishdi.
Mavzuga oid
10:23 / 07.11.2024
DXX: Qo‘qonda xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari ozodlikdan mahrum etildi
23:26 / 06.11.2024
Boshqirdistonda ko‘mir ortilgan 22 ta vagon relsdan chiqib ketdi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024