Jahon | 13:34 / 27.03.2017
6116
3 daqiqa o‘qiladi

Moskvada "Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi" ofisi tintuvdan so‘ng muhrlandi

Rossiyada muxolifatchi Aleksey Navalniy tomonidan asos solingan "Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi" ofisida o‘tkazilgan tintuvdan so‘ng barcha texnikalar olib chiqib ketilgan, xonaning o‘zi esa muhrlab qo‘yilgan. Navalniyning o‘zi esa aksilkorrupsiya namoyishida ushlangan mingga yaqin namoyishchilar qatori ko‘chada ushlanib, politsiya bo‘linmasida tunni o‘tkazgan.

KQKF ofisidan texnikalar olib chiqib ketilganligi va xona muhrlab qo‘yilganligi hakida fond xodimlari xabar tarqatishgan. "Ofisdan texnikalar, jumladan mening noubukim olib chiqib ketildi... Ofisni esa muhrlashdi",  deb yozgan fond yuristi Lyubov Sobol.

"Binoni evakuatsiya qilish, xodimlarni ushlash  bularning barchasi bizning kompyuterlarimiz va yangi surishtiruvlarimiz borasidagi ma'lumotlarni qo‘lga kiritish uchun qilinmoqda",  deya izohlagan fond matbuot kotibasi Kira Yarmish.

KQKFda o‘tkazilgan tintuv yakshanba kuni Moskva shahri markazida o‘tkazilgan  kelishilmagan yirik norozilik aksiyalar bilan bir vaqtda boshlandi. Bu ofisdan turib butun mamlakat bo‘ylab o‘tayotgan norozilik aksiyalaridan jonli reportajlar namoyish qilinayotgan edi. KQKF ning Moskva ofisidagi barcha xodimlar ushlangan.

Fond direktori Roman Rubanovning aytishicha, surishtiruv harakatlari Rossif Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 282-moddasi (Insonni obro‘sizlantirib, nafrat va dushmanlik uyg‘otish) bo‘yicha olib borilmoqda.

Aleksey Navalniyning o‘zi Tver ko‘chasida qo‘lga olingan va ayni paytda ham politsiya bo‘linmasida turibdi. KQKF xodimlari boshqa hamkasblari ham, jumladan, norozilik aksiyalariga chiqmaganlari ham ushlab ketilganini xabar qilishmoqda.

"OVD-Info" saytining ma'lumotiga ko‘ra, Moskvada yakshanba kuni o‘tkazilgan aksiyalardan so‘ng ushlangan soni mingdan oshgan. Ushbu hibslar Rossiyaning postsovet tarixidagi eng yirigi, deya baholanmoqda.

Ushlanganlarning aksariyatiga mitinglar o‘tkazish qoidalarini buzganlik yoki huquqni muhoaza qilish organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik moddalari bo‘yicha ma'muriy bayonnomalar tuzilgan. Bayonnomalar tuzilgach, ushlanganlarni qo‘yib yuborishgan, ularning bir qismi ichki ishlar bo‘linmasida tunash uchun olib qolingan.

Taqqoslash uchun: 2012 yilgi Bolotnaya maydonidagi noroziliklardan so‘ng 400 dan ko‘proq namoyishchilar ushlangani e'lon qilingan edi. 

Aleksey navalniy chaqirig‘iga binoan o‘tkazilgan aksilkorrupsiya norozilik namoyishlari 26 mart kuni butun Rossiya bo‘ylab o‘tkazildi. Navalniy fondining mamlakat bosh vaziri Dmitriy Medevedev bilan bog‘liq ko‘chmas mulk va boshqa boyliklar haqidagi surishtiruv harakatlari norozilik namoyishlari uchun asos bo‘ldi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid