O‘zbekiston | 18:37 / 28.03.2017
11028
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda baliqchilikka ixtisoslashgan 14 hudud tashkil qilinadi

Shavkat Mirziyoyev Qiziltepa tumanidagi “Vang‘ozi agro” fermer xo‘jaligi shiyponida bo‘lib, viloyatda qishloq xo‘jaligida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bergan.

Tumandagi To‘dako‘l suv ombori havzasida Vetnam texnologiyasi asosida yiliga ming tonnadan ziyod baliq baliq yetishtirish mo‘ljallanmoqda. Natijada viloyatda yiliga baliq yetishtirish ko‘rsatkichi 8,5 ming tonnaga yetkaziladi. 

Tumandagi “Akva To‘dako‘l” mas'uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan baliq chavog‘i yetishtiruvchi inkubatsion sex, 250 tonnalik muzlatkichli omborxona, ming tonna baliqni qayta ishlash, 400 tonna baliq filesi hamda 350 tonna yarim tayyor mahsulot ishlab chiqarish sexlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. "Ipoteka banki" krediti evaziga yangi havzalar qazish va ularda suv ta'minotini yaxshilash uchun xorijdan maxsus texnika va mexanizmlar, nasoslar sotib olinadi. 

Loyihaning umumiy qiymati 18,7 milliard so‘m bo‘lib, shundan 13,3 milliard so‘mi bank kreditlari, 5,4 milliard so‘mi korxona mablag‘idir. Ushbu loyiha xalqimiz dasturxoniga sifatli baliq mahsulotlari yetkazib berish, 90ga yaqin ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida ham ma'lumot berildi. Ushbu havzalardan foydalanishni tartibga solish, noqonuniy baliq ovlashga chek qo‘yish, bu yerda inkubatsiya sexlari tashkil etish hisobiga yetishtirilayotgan baliq hajmini kelgusi uch yilda 20 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, ko‘l havzasida baliq yetishtirish bo‘yicha mamlakatimizning barcha viloyatlariga 14 hudud ajratib berildi. Ushbu hududlarda viloyatlar tomonidan baliq yetishtirish va uni muhofaza qilish ishlari tashkil etiladi. 

Prezident Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida prokuratura, ishki ishlar boshqarmalari xodimlaridan iborat maxsus otryadlar tashkil qilish va ko‘l hududini brokonerlardan tozalash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Yetishtirilgan mahsulotni eksport qilish choralarini ko‘rish zarurligi ta'kidlandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid