Jamiyat | 17:36 / 05.04.2017
10681
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda 250 million so‘mlik tovarlar yashirincha olib kirilishining oldi olindi

“Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari Xitoydan hususiy tadbirkor R.G‘ofurov (maqoladagi ism-shariflar o‘zgartirilgan) nomiga keltirilgan turli asbob-uskuna va texnologik jihozlarnini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida kutilmagan holatga duch kelishdi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Mazkur asbob-uskunalarning orasidagi barcha bo‘shliqlar bojxona yuk deklaratsiyasida va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan 23 turdagi 129 dona oshxona idishlari va anjomlari bilan to‘ldirilgan ekan. Shu tariqa qoidabuzar qiymati 29 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan tovarlarni yashirin yo‘llar bilan olib kirishga uringan.

Mazkur post xodimlari “B.N.Ch.” (nomlar qisqartirilgan) xususiy korxonasi nomiga keltirilgan gazlamalarni import bojxona rejimiga rasmiylashtirish jarayonida yana bir ayyorlikni fosh qilishdi. Bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida ushbu gazlamalarning eni ikki barobarga qisqartirilgan holda taxlanib, so‘ngra to‘p qilib o‘ralgan. Shu tarzda qiymati 51 mln. so‘mdan ortiq bo‘lgan 5,1 ming m2  o‘lchamdagi gazlamalar bojxona yuk deklaratsiyasida va yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan holda, bojxona nazoratidan chetlab olib kirishning oldi olindi.

Shuningdek,  ushbu postda teriga ishlov berish paytida foydalaniladigan 38 tonnadan ortiq 3 turdagi kimyoviy moddalarning yashirincha olib kirilishiga chek qo‘yildi. “M.G” mas'uliyati cheklangan jamiyati nomiga yuborilgan ushbu kimyoviy vositalar haqida ma'lumotlar yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida umuman ko‘rsatilmagan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid