Jamiyat | 09:31 / 14.04.2017
13091
3 daqiqa o‘qiladi

NASA Saturn yo‘ldoshida hayot uchun sharoit mavjudligi haqida jar solmoqda

Amerikaning fazo agentligi – NASA tomonidan uchirilgan "Kassini" fazo zondi yuborgan suratlarga ko‘ra, Saturnning yo‘ldoshi Entseladda hayot paydo bo‘lishi uchun qulay sharoitlar mavjud bo‘lishi mumkin. NASA axborotnomasida shu haqda so‘z yuritilgan. 

"Ayni vaqtda biz yashashga qator imkoniyatlari mavjud bo‘lgan joyni aytishga yaqin turibmiz", — degan NASA ilmiy rahbariyati boshlig‘i Tomas Tsurbuxen.

Xabar qilinishicha, bunday xulosalarga yo‘ldoshda vodorodning aniqlangani sabab bo‘lgan. U nazariy jihatdan hayot paydo bo‘lishi uchun energiya manbasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 

"Kassini" qariyb 20 yildirki o‘zining fazoviy sayohatini davom ettirmoqda. Fazoviy zond 2016 yil noyabr oyi oxirlarida Saturn chambaragini o‘rganishni boshladi. Uning orbitasi shunday tashkil topganki, zond Saturn qutblari usti va ostida aylanib, har yetti kunda asosiy chambarakning tashqi tomonidagi o‘rganilmagan hududiga "sho‘ng‘iydi". 

Ta'kidlanishicha, sayyora chambaraklari yaqinidan o‘tish "Kassini" umri poyoniga yetayotganini anglatadi. NASAning ma'lum qilishicha, qurilmadagi yoqilg‘i tugab bormoqda, kelasi yilda u o‘z vazifasini tamomlaydi. 

Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2017 yil 15 sentabrda zond Saturn atmosferasiga kiradi. Shu yo‘l bilan, zondni ishlab chiqqanlar sayyora yo‘ldoshini qurilma qoldiqlaridan asrashni rejalashtirmoqda. 

"Kassini" NASA, YeKA va Italiya kosmik agentligining qo‘shma loyihasi bo‘lib, u 1997 yilda fazoga ko‘tarilgan, 2007 yilda Saturnga yetib kelgan edi. So‘nggi 12yil mobaynida sayyoraning o‘zini, chambaragi va yo‘ldoshini o‘rgangan. "Kassini", xususan, Saturnning eng yirik yo‘ldoshi Titanda suyuq metan dengizi va Entseladda okeani borligini aniqlagan. 

Mavzuga oid