O‘zbekiston | 12:22 / 14.04.2017
10361
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda urush faxriylariga navbatsiz mashina xarid qilish sertifikatlari topshirildi

Bugungi kunda Navoiy viloyatida ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va faxriylari 64 nafarni tashkil etayapti. Kuni kecha viloyat hokimi, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, tuman, shahar hokimlari va jamoat tashkilotlari hamkorligida har bir ikkinchi jahon urushida mardlarcha qahramonlik ko‘rsatgan faxriylarga “GM O`zbekiston” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning navbatsiz shartnomaviy buyurtma berish orqali xarid qilish bo‘yicha imtiyozli sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda Kun.uz’ga Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Navoiy shahridagi “Hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilib kelayotgan 95 yoshni qarshi olgan Ibragim bobo Ismoilovning ham ayni yoshlik davri suronli ikkinchi jahon urushi yillariga to‘g‘ri keldi. 9 nafar farzand, 35 nafar nevara, 5 nafar evaralar ardog‘ida tinch va osoyishta, baxtli hayot kechirayotgan Ibragim bobo Ismoilovning bugun ko‘ngli yanada ko‘tarildi. Davlat rahbarining yana bir e'tibori - mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillardan navbatsiz imtiyozli olish sertifikatini qo‘lga kiritdi. 

— E'tibor va rag‘batdan yanada ruhlanib, beixtiyor ko‘z o‘ngimda o‘sha mudhish kunlar, 1941-1945 yillarning og‘ir sinovlari gavdalandi. Biz shunday suronli, mudhish urushni ko‘rdik. Shukrki, mustaqillikka erishib ozod va obod yurtda, farovonlikda yashayapmiz.  Inson qadr-qimmati va sha'ni ulug‘langan davlatimizda keksalarimizning hamisha e'zozdaligi, ular munosib qo‘llab-quvvatlanayotgani bizni doimo ruhlantirib keladi, — deydi Ibragim bobo Ismoilov. — Bugun xalqimiz hech kimdan kam emas. Mustaqil yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, o‘zgarishlar va bunyodkorliklarni ko‘rib qalbim g‘urur va iftixorga to‘ladi. Bugun dunyo tan olayotgan, tenglar ichra teng bo‘lgan yurtimizga ko‘z tegmasin, yomon ko‘zlardan o‘zi asrasin, deb hamisha duoga qo‘l ochamiz.

Mavzuga oid