O‘zbekistonda raqamli televideniyening DVB-T2 standartiga o‘tilmoqda
O‘zbekistonda raqamli televideniyega o‘tishning ilk davrlarida raqamli televideniyening DVB-T standarti qo‘llanilgan edi. Yillar davomida televideniye rivojlanib, raqamli televideniyening DVB-T standarti takomillashtirilib, DVB-T2 standarti yaratilishi bilan mamlakatda ham ushbu standartdagi teleuzatkichlar o‘rnatila boshladi. DVB-T2 standartining DVB-T standartidan eng asosiy afzalliklari signalning xalaqitbardoshliligi va uzatiladigan kanallar sonini 14-16 tagacha yetkazish mumkinligidadir. Hozirda investitsiya loyihalari asosida respublikamizda DVB-T2 standartidagi raqamli teleuzatkichlar o‘rnatilmoqda. Shu munosabat bilan, joriy yilning 2-yarim yilligidan boshlab Respublikada o‘rnatilgan DVB-T standartida ishlovchi raqamli teleuzatkichlar DVB-T2 standartiga o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK Axborot xizmati xabar bermoqda.
Shu o‘rinda ta'kidlab o‘tish kerak-ki, DVB-T standartidagi raqamli signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizor va tyuner qurilmalari DVB-T2 standartida uzatilayotgan teledasturlarni qabul qila olmaydi. Hozirda respublika hududlariga uzatilayotgan nodavlat (“Mening Yurtim”, “Milliy TV”, “Uzreport TV”, “Zo’r TV”) telekanallari dasturlari DVB-T2 standartida uzatilmoqda. Kelgusida ishga tushiriladigan yangi telekanallar ham DVB-T2 standartida uzatib beriladi.
Shu munosabat bilan, mamlakat aholisi DVB-T2 standartidagi raqamli signallarni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan televizor yoki tyuner qurilmalarini xarid qilgan holda yangidan-yangi ishga tushirilayotgan telekanallarni tomosha qilishlari mumkin. Eski avlod televizorlari yoki
DVB-T standartidagi signallarni qabul qilishga moslashtirilgan televizordan foydalanuvchilar DVB-T2 standartidagi raqamli (“Set-top-Box”) tyuner qurilmasini ulagan holda qo‘shimcha telekanallarni ko‘rishlari mumkin.
Tavsiya: Televizor xarid qilayotganda, ushbu televizorda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyuner bor-yo‘qligiga e'tibor qaratish lozim. Mahsulotning texnik tavsifida bu haqida batafsil axborot berilgan bo‘ladi. Bunday televizor raqamli televideniyega ulanish uchun ortiqcha qurilmalarni talab qilmaydi. Bugungi kunda mamlakatimiz va xorijda ishlab chiqarilayotgan aksariyat televizorlarda DVB-T2 standartida ishlaydigan tyunerlar mavjud.
Ma'lumot uchun: Respublikada bugungi kunda raqamli televideniyening DVB-T2 ctandartida uzatilayotgan ochiq to‘plami tarkibida
12 ta davlat va 4 ta nodavlat telekanallar teledasturlari o‘rin olgan. Ochiq to‘plam tarkibidagi teledasturlarni ko‘rish bepul.
“Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi” DUK Axborot xizmati