Jahon | 21:22 / 19.04.2017
19212
2 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev soqol va qora rangli liboslar haqida fikr bildirdi

Foto akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev motam tutilmayotgan vaqtda ayollarga qora libos kiyishni taqiqlamoqchi, chunki mamlakatda borgan sari ko‘proq ayollar "qora rangdagi liboslarga burkanib olmoqdalar". Bu haqda Nazarboyev matbuot xizmati 19 aprelda ma'lum qildi. Nazarboyevning aytishicha, haqiqiy musulmon kiyimi bilan emas, e'tiqodi bilan ajralib turadi.

"Yigitlarimiz bilib-bilmay soqol qo‘ymoqdalar va shimlarini kaltalatmoqdalar. Shuningdek to‘liq qora kiyimga o‘ranib-chirmanib oladigan qizlarimiz ham ko‘paymoqda. Bu bizning odatlarga ham, xalqimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Bunday kiyimlarni kiyishni qonunan taqiqlash masalasini ishlab chiqish kerak. Qozoqlar qora kiyimni faqat motam vaqtida kiyadilar", deb aytdi Nazarboyev Qozog‘iston musulmonlar diniy boshqarmasi vakillari bilan uchrashuvda.

Qozog‘iston prezidenti qozoq madaniyati va qozoq ayollarining an'anaviy liboslari tarixini eslatib o‘tdi hamda qora rangdagi libos va din o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qligini ta'kidlab o‘tdi.

"Agar yoshlar xalqimizga yot bo‘lgan o‘gitlarga amal qilsalar, unda davlat nima bo‘ladi? Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Mustaqil Qozog‘iston porloq kelajakka ega bo‘lishi, millat birdam, davlat dunyoviy bo‘lishi va rivojlanishi kerak. Biz maqsadlarimizga qarshi chiqadiganlarga toqat qilib o‘tirmaymiz. Bu nafaqat davlat apparati manfaati, balki Qozog‘iston xalqi, uning kelajagi manfaatiga mosdir", deb aytdi Elbasi.      

Nazarboyev shuningdek aholi o‘rtasida diniy savodxonlik va imomlar faoliyatida vatanparvarlik tarbiyasi muhimligini ta'kidlab o‘tdi. 

Mavzuga oid