Jahon | 16:46 / 21.04.2017
9757
3 daqiqa o‘qiladi

Nazarboyev Ostona shahrining hozirgi ahvolini keskin tanqid qildi

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Ostona hokimi Aset Isekeshevdan shaharning chekka qismlarida tartib o‘rnatishni talab qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Qozog‘iston.

Qozog‘iston prezidenti rejalashtirilayotgan EKSPO ko‘rgazmasiga atab juma kuni tashkil etilgan yig‘ilishda poytaxt shahardagi zamonaviy binolar yonida chiqindixona va xarobalar tasvirlangan fotosuratlarga izoh bera turib, shunday dedi: "Turistlar aynan o‘sha yerlarga boradi, suratga olishadi va salbiy fikrlarni bildirishadi!".

Davlat rahbari noqonuniy ravishda qurilgan inshootlar, eskirgan uy-joylar bo‘lgan hududlarni buzish bo‘yicha ishlarni faollashtirishni talab qildi.

"Kerak bo‘lsa, tartib o‘rnatish uchun mablag‘lar ajratish kerak, hozir EKSPO tufayli bunga imkoniyat bor – tozalash kerak. Shahar markaziy tumanlarini eskirgan uy-joylardan ozod qilish lozim. Agarda buning uchun parlamentda maxsus qonun qabul qilish kerak bo‘lsa, keling uni kiritamiz. Sababi poytaxt – bu mamlakatning yuzi", - deya qo‘shimcha qilib o‘tgan u.

Shuningdek davlat rahbari fuqarolarni ro‘yxatga olishni tartibga solishni ham talab qildi.

"Janubi-Sharqdagi bir xususiy uyda 1 700 dan ortiq kishi propiska qilingan, Ostonada esa 200 dan ko‘proq shunday rezinali xonadonlar aniqlandi, bu uyda propiska qilinganlar – o‘sha yerda yashamasliklari aniq, ular faqatgina poytaxtdan uy-joy olish ilinjida!", - dedi Nazarboyev.

"Mehmonlarni qabul qilar ekanmiz, bunga tayyorgarlik ko‘rish kerak! Tashqi ko‘rinish bilan kim shug‘ullanmoqda? Prezident saroyi oldidagi plitkalar tushib ketmoqda – hech kim e'tibor ham bermaydi...Ba'zi quruvchilar qurilish chiqindilarini ham olib chiqib ketishmaydi", - degan davlat rahbari.

U Ostona hokimi Aset Isekeshevga murojaat qildi: "Seni, sobiq investitsiyalar va rivojlanish bo‘yicha vazirni, men shaharni namunali qilishing uchun shu lavozimga tayinladim, endi o‘z ishingni bajar, hamma imkoniyat senda bor!".

Uning eslatishicha, so‘nggi bir necha yil davomida unga tirbandlikning oldini oluvchi “aqlli” svetoforlar haqida ko‘p bora gapirishgan, biroq Nazarboyevning ta'kidlashicha, tirbandliklar baribir soni kamaymagan.

"EKSPO-2017" xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi Ostona shahrida 2017 yilning 10 iyun-10 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 100ga yaqin davlat vakillari ishtirok etishi mo‘ljallangan.

Mavzuga oid