O‘zbekiston | 18:00 / 21.04.2017
35011
3 daqiqa o‘qiladi

Olmazorda ko‘p qavatli uylar qurilib, yangi istirohat bog‘i barpo etiladi

Olmazor tumani hududida 7 qavatli uylar 12ta turar joy binolari hamda yangi istirohat bog‘i barpo etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning tumanga tashrifi davomida ma'lum qilingan.

«Davlat rahbari shu yil 3 fevral kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishish chog‘ida aholining ehtiyoji, talabidan kelib chiqib, poytaxtning barcha tumanlarida ko‘p qavatli zamonaviy arzon uylar qurish rejalashtirilayotganini aytgan edi. Prezidentning 2017 yil 13 martdagi 2017-2021 yillarda Toshkent shahrida ko‘p qavatli arzon uylarni qurish miqyosini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori bu boradagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda dasturilamal bo‘lmoqda. 

Mazkur hujjatga muvofiq Kichik halqa yo‘li va Qorasaroy ko‘chalari oralig‘ida 7 qavatli 12 turar-joy barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. 800 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylar ehtiyojmand oilalarning yashash sharoitini yaxshilash, ularni arzon, zamonaviy uy bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi», deyilgan O‘zA xabarida. 

Prezident mazkur uylarda yashovchi oilalar ro‘yxatini shakllantirib, so‘ng qurilishni boshlash kerakligini ta'kidladi. Bunda Eski shaharda yashovchi uy-joyga muhtoj oilalarni hisobga olish, uylar taqsimotida adolat mezonlariga qat'iy rioya etilishi zarurligi qayd etildi. 

Uylarni qurish uchun 5 gektardan ziyod yer ajratiladi. Turar joylarni loyihalashtirishda mahalliy iqlim sharoiti, sanitariya va xavfsizlik talablari hamda xalqimizning milliy hayot tarziga xos boshqa jihatlar hisobga olingan. 

Davlat rahbari Qichqiriq kanali bo‘yida bunyod etiladigan yangi madaniyat va istirohat bog‘i loyihasi bilan ham tanishdi. 

Mazkur bog‘ni tuman aholisi farzandlari bilan sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan maskanga aylantirish, bunda Toshkentning qadimiy an'analarini hisobga olish zarurligi alohida ta'kidlandi. 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid