Jahon | 22:00 / 23.04.2017
5739
3 daqiqa o‘qiladi

Jurnalistlar Fransiyadagi saylovlarda g‘alabani kimga berishmoqda?

Foto:RIA

Fransiyadagi prezidentlik saylovlarining 2-bosqichiga kim chiqishi borasida fransuz va xorijiy jurnalistlarning fikrlari tarqoq bo‘ldi, biroq ulardan ko‘pchiligi 2-bosqichga Marin Le Pen va Emmanuel Makron chiqadi deb hisoblashmoqda. 

"Birinchi bosqich finaliga Le Pen va Makron chiqadi. Bu mening fikrim, chunki hozir mutaxassislar ham hech qanday prognoz qila olishmayapti. Hammasi ovoz bermaydiganlarga bog‘liq bo‘ladi. Agar bundaylar soni ko‘p bo‘lsa, unda bu Le Penga qo‘l keladi", deb hisoblamoqda AR axborot agentligining Parijdagi byurosi xodimi Roman. 

Uning fikrini Xitoy OAV vakillari – Guangming Daily’dan Xuang Xao va Chinese Economic Daily’dan Li Ongtao qo‘llab-quvvatladilar. 

"Le Pen va Makron. Fikrimcha, Le Penni ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlaydi. Makronga so‘llar tarafdorlari ovoz berishi mumkin", deb qo‘shimcha qildi Roman.   

"Makron va Le Pen. Pen aniq, biroq Makron borasida shubham bor", deb aytgan Sky news britan nashri muxbiri Mishel.

"Makron va Fiyon. Ular 2-bosqichga chiqadilar", deb hisoblamoqda TF1 fransuz telekanali jurnalisti Natali Bednarik. Uning bu fikrini Daniyaning TV2 telekanali muxbirlari ham qo‘llab-quvvatladilar. 

Yaponiyaning NHK telekanali vakillari 2-bosqichga kim chiqishi borasida ikkilanganlar. Ularning fikricha, bu saylovlarda mavhumlik ko‘p bo‘lib, kimningdir g‘alabasini bashorat qilish qiyin.

Makron jamoasida o‘z nomzodlarining 1-bosqichda g‘alaba qilishiga ishonishmoqda.

"Biz yarim yil bu ustida ishladik. Agar u yutmasa, juda alamli bo‘ladi. Agar shunday bo‘lsa, biz aniq yig‘lab yuborsak kerak", deb aytdi Makron tarafdorlaridan biri Sebastyan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid