Jahon | 17:47 / 25.04.2017
16844
4 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Shinjongda ayrim musulmoncha ismlarni taqiqladi

Xitoy hukumati Shinjong muxtor tumanida yashovchi Islom diniga e'tiqod qiluvchi uyg‘ur va boshqa millat vakillariga o‘z farzandlariga Muhammad, Jihod, Islom, Madina kabi islomiy ismlarni berishni taqiqlab qo‘ydi, deb xabar beradi Financial Times nashri.

«Biz munitsipal hukumatdan Shinjongda tug‘ilganlarga o‘ta diniy va ayirmachilikka xizmat qiluvchi ismlarga ega bo‘lolmasligi haqida bildirishnomani oldik, — deydi Shinjong muxtor tumani poytaxti Urumchidagi jamoatchilik xavfsizligi xodimi va davom etadi: — Agar oilangizda shunday holat mavjud bo‘lsa, farzandingizni ismini o‘zgartirishingiz kerak bo‘ladi».

Ism berishning yangi qoidalariga amal qilmaydiganlar xo‘jalik yuritish uchun huquqlardan mahrum bo‘ladi, kelajakda ta'lim olish uchun kerak bo‘ladigan zarur shaxsni tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘la olishmaydi, ijtimoiy ta'minot va bandlik bo‘yicha imtiyozlardan mahrum bo‘lishadi. 

Yangi qoidalar 2015 yildan beri amalda bo‘lgan qoidalarning kengaytirilishi hisoblanadi. O‘shanda qabul qilingan qoidalarga ko‘ra, Xotan prefekturasida «Fotima» yoki «Saddam» kabi ismlar taqiqlangan edi.

Mintaqada yashovchi 11 milliondan ziyod uyg‘ur — turkiy tilli lingvistik va madaniy aloqalarga ega musulmon etnik guruhi ism berishdagi cheklovlarning birinchi navbatdagi nishoni hisoblanadi. Shinjong esa musulmonlik aqidasiga amal qiluvchi boshqa milliy ozchiliklar — mo‘g‘ullar, tojiklar, qozoqlar va xueylar uchun ham vatan hisoblanadi.

Shinjongliklarning aytishicha, yangi cheklovlar ular har kuni to‘qnash kelayotgan, mavjud etnik diskriminatsiyani kuchaytiradi.

«Xanlar bizni qonxo‘r va johil hisoblashadi, — deydi Shinjongning shimolida yashovchi etnik musulmon mo‘g‘ul. — Biz mamlakat bo‘ylab sayohatga chiqqanimizda ular shaxsimizni tasdiqlovchi hujjatdagi islomiy ismlarimizga ko‘zi tushib, bizga mehmonxonalarda qolish, ijaraga kvartira olishni taqiqlashadi».

2009 yilda Urumchida ro‘y bergan qonli voqealardan so‘ng, xususan uyg‘urlar, kiyinish, ibodat va sayohat borasida qattiq cheklovlarga duchor bo‘lgan.

So‘nggi bir necha yil ichida islomga tegishli ayrim ramzlarni, xususan soqol qo‘yish va hijobni taqiqlashgan, hududning 800 mingdan ziyod davlat xizmatchisiga diniy marosimlarda qatnashish man etilgan. Noyabr oyida mahalliy hukumat Shinjongning barcha aholisiga pasportlarini politsiyaga topshirib, uni qaytarib olishda rasmiy tilxat talab qilishgan.

Markaziy Xitoy hukumati ham uyg‘urlarni diniy ekstremizm va ayirmachilik faoliyatida ayblab keladi. Pokiston va Afg‘oniston bilan chegaradosh hudud hisoblanuvchi Shinjong terrorchi guruhlar uchun o‘z saflariga odam yollash va tranzit nuqtasi bo‘lishi mumkinligi tufayli hukumat tomonidan mintaqada nazorat va xavfsizlikning keskin oshirilishiga sabab bo‘ldi. Mart oyida IShID terrorchilik guruhining Iroqdagi uyg‘ur jangarilari tasvirlangan, «zolim Xitoy kommunistik kofirlari»ni ayblayotgan tashviqot videosi paydo bo‘lgan edi.

Hududga xorijiy jurnalistlarning kirishi cheklangan, biroq Xitoyning davlat OAVlari politsiya va gumonlanayotgan terrorchilar o‘rtasidagi ko‘p sonli to‘qnashuvlarda qurbonlar ham bo‘layotganini xabar qilib turibdi.

Fevralda harbiylashgan politsiyachilar Shinjongda besh kishini pichoqlab o‘ldirgan, uch kishini yarador qilgan uch terrorchini otib tashlagan edi. Bu voqeadan bir oy muqaddam o‘tgan yilning 15 aprelida yuz bergan va Xitoy OAVlarida e'lon qilinmagan to‘qnashuvlarda ishtirok etgani gumon qilingan boshqa uch uyg‘ur ham otib tashlangan edi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid