O‘zbekiston | 19:16 / 27.04.2017
11890
4 daqiqa o‘qiladi

Xalq ta'limi vazirligining hay'at yig‘ilishi tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tdi 

Xalq ta'limi vazirligining 2017 yil birinchi choragidagi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan  hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirda 2017 yilning o‘tgan davrida tizimda bajarilgan ishlar, “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokama qilindi.

Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentning 2017 yil 11 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari samarali va natijali ijro etilishi, shuningdek ijro intizomi mustahkamlanishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining, Vazirlar Mahkamasi va uning komplekslari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda barcha darajalardagi hokimliklar rahbarlarining shaxsiy javobgarligi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta'minlash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan so‘zga chiqqanlar ta'lim sifatini kuchaytirish, o‘quv muassasalari rahbarlarining mas'uliyatini oshirish yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berdi. Tizim xodimlarining kasb malakasini oshirish, ijro intizomini mustahkamlash, ish faoliyatda AKTdan unumli foydalanish zarurligi ta'kidlandi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6 apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limining davlat ta'lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq umumta'lim muassasalarida kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan yangi davlat ta'lim standartlarini bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etish, o‘quvchilar davomati bo‘yicha nazoratni kuchaytirish, “Oila–mahalla–ta'lim muassasasi” jamoatchilik kengashi ko‘magida ota-onalar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, o‘qituvchilarning sifat tarkibini yaxshilash, ularning uzluksiz va mustaqil ravishda kasbiy mahoratini oshirib borishi uchun harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, metodik xizmatning yangi, o‘qituvchilar ehtiyojiga asoslangan tezkor va samarali shakllarini keng joriy etish, ta'lim muassasalari rahbarlarining salohiyatini oshirish yuzasidan  tegishli topshiriqlar berildi.

Tadbirda tizimdagi islohotlarning natijalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017–2021 yillarda maktabgacha ta'lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan batafsil ma'lumotlar berildi.

Tanqidiy tahlil asosida o‘tgan yig‘ilishda vazirlik va uning quyi tizimlarida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida, qonuniy javob berish, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish masalalariga alohida urg‘u berildi. Qayd etilishicha, hisobot davrida virtual qabulxona orqali Xalq ta'limi vazirligiga jami 3,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni o‘rganib, qanoatlantirish, muammolarni sifatli hal etish, joylarda aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, interaktiv xizmatlarni yanada takomillashtirish zarurligi ta'kidlandi.

Joriy yilda ilk marotaba umumta'lim maktablaridagi 104 ming nafar o‘qituvchining kasbiy salohiyati va mahorati onlayn tarzda o‘rganildi. Sinovda ishtirok etgan o‘qituvchilarning bilimi viloyatlar kesimida tahlil qilinganda Surxondaryoda, Sirdaryoda, Qashqadaryoda viloyatlarida nisbatan past ko‘rsatkich qayd etilgan. Yig‘ilishda mas'ul mutasaddilarga ta'lim sifatini oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid