Jamiyat | 18:17 / 06.05.2017
18286
2 daqiqa o‘qiladi

Shohrux Xonning #BeMyGuest videoroligi Xalqaro kinofestival g‘olibi bo‘ldi

Foto: YouTube/Visit Dubai

Dubayda Bollivud qiroli Shohrux Xon ishtirokida turistik yo‘nalishda tasvirga olingan videorolik Riga (Latviya)dagi X Xalqaro turizm kinofestivalida ikki oliy mukofotga sazovor bo‘ldi. Gulf News shu haqida xabar berdi.

#BeMyGuest (#Mehmonim bo‘ling) deb nomlangan qisqa metrajli film kinofestivalning asosiy, Gran-Pri mukofotini qo‘lga kiritdi. Shuningdek u "Turistik yo‘nalish" turkumidagi birinchi sovrin sohibiga aylandi. Riga shahar kengashi tomonidan International Committee of the Tourism Film Festivals (CIFFT) doirasida tashkil etilgan tadbir butun dunyo bo‘ylab turistik yo‘nalishni targ‘ib qiluvchi filmlarga bag‘ishlangan. 

Ta'kidlash joizki, #BeMyGuest joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan Golden City Gate ITB Berlin'da "Shahar mukofoti" nominatsiyasida "Olmos mukofot" bilan ham taqdirlangandi. 

#BeMyGuest filmida Shohrux Xon Dubayning bir necha diqqatga sazovor maskanlarini namoyish etadi. U Dubaydagi uyi yaqinida joylashgan, o‘zi xush ko‘rgan joylar - do‘konlar, restoranlar va sohillarga boradi. Joylardagi odamlar Shohrux Xonni ko‘rib taajjubga tushishadi, aksariyati o‘z quvonchini yashira olmaydi. 

#BeMyGuest shu kunga qadar ijtimoiy tarmoqlar orqali 45 milliondan ortiq marta ko‘rildi. Shuningdek u YouTube'ning eng mashhur videoroliklari qatoridan joy oldi.  

Mavzuga oid