Jamiyat | 21:10 / 08.05.2017
12307
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyada 2 million dollarga baholanuvchi pangolin po‘sti tortib olindi

Foto: AFP

Kuala-Lumpur aeroportida 2 million dollardan ortiqqa baholanuvchi pangolin po‘sti (tangachalari) tortib olindi. Bu haqida rasmiylar ma'lumotiga asoslanib, Daily Sabah xabar berdi. 

Bojxona departamenti rahbar o‘rinbosari Peddi Abdul Halimning so‘zlariga ko‘ra, soxta hujjatlar bilan rasmiylashtirilgan 712 kilogrammli pangolin po‘sti aeroportning yukxonasida aniqlangan.

Yovvoyi tabiat va milliy parklar departamenti direktor o‘rinbosari Ro‘zidan Yasinga ko‘ra, buncha po‘stni qo‘lga kiritish uchun 1400 pangolinni o‘ldirishga to‘g‘ri kelgan. 

Manbaga ko‘ra, ushbu "yuk" Afrikadan ikki alohida yo‘nalish va partiya orqali yo‘llangan. 

"Bu ikkisi o‘zaro bog‘liqmi yoki yo‘q, o‘rganilmoqda", - deyiladi Malayziyada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Foto: AFP

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bunday yuklar odatda Vetnam yoki Xitoyga jo‘natiladi.

Pangolinlar po‘sti qiymati mintaqadan kelib chiqqan holda, turlicha baholanadi. Uning bir kilogrammi Malayziya qora bozorida 1500 ringgit (346 dollar) keltirishi mumkin.

Yuklar yo‘llangan Emirates Airlines va Kenya Airways idoralari voqeani izohlashga shoshilishmadi.

Pangolinlar Indoneziya changalzorlari, Malayziyaning bir qismi va Tailandning janubiy hududida uchrab turadi. Ularning go‘shti Xitoyda sevib iste'mol qilinadi.

Pangolinlar BMT Konventsiyasiga ko‘ra, yo‘qolish xavfi ostidagi muhofazalanuvchi jonivor turi hisoblanadi. 

Pangolinlarning tangachali po‘sti Vetnam va Xitoyda yuqori baholanadi, zero mahalliy xalq tabobatida bu jonivor po‘sti shifobaxsh xususiyatlarga egaligi ta'kidlanadi. 

Yovvoyi tabiat vakillariga ko‘ra, pangolinlar Janubi-Sharqiy Osiyo kontrabandachi va brakonerlari tomonidan jiddiy xavfga yo‘lqimoqda. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid