O‘zbekiston | 15:59 / 09.05.2017
17741
4 daqiqa o‘qiladi

«Biz hamisha urush faxriylari oldida qarzdormiz» - Shavkat Mirziyoyev

9 may Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan prezident ishtirokidagi asosiy tadbirlar Toshkent viloyati Zangiota tuman hududida joylashgan akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI hududida bo‘lib o‘tdi. Bayram dasturi «O‘zbekiston» telekanalida jonli efirda namoyish etildi.

Institut hududida Ikkinchi jahon urushi faxriylari uchun dasturxon yozilib, bayram dasturi tashkil etildi. Bayramga prezident Shavkat Mirziyoyev ham tashrif buyurdi va urush qatnashchilarini tabrikladi.

Prezident 9 may kuni O‘zbekistonda birinchi prezident Islom Karimov tashabbusi bilan Xotira va qadrlash kuni sifatida nishonlanishini eslatib o‘tdi.

«Bu kunda hammamiz jang maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimiz muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklari oldida hurmat bajo keltiramiz. Biz hamisha ular bilan faxrlanamiz», — dedi o‘z nutqida prezident.

«Jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan, shuningdek front ortida fidokorona mehnat qilib, bugun oramizda sog‘-salomat yurgan muhtaram faxriylarimizga ta'zim qilamiz. 

Hozirgi tinch-osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun ularga cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Shubhasizki, bu dahshatli urush butun insoniyat qatori bizning xalqimizga mislsiz kulfat va yo‘qotishlar olib kelgan», — deya qayd etgan davlat rahbari.

«O‘zbekistondagi har bir xonadonda fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba bizga qanchalik qimmatga tushganini va bizning xalq bu g‘alabaga qanday hissa qo‘shganini yaxshi eslashadi. Yuzlab o‘zbekistonliklar qahramonliklari uchun harbiy ordenlar va medallar bilan taqdirlanishgan. Urush yillarida tunu kun tinim bilmasdan frontga harbiy texnika, o‘q-dori, uskunalar, dori-darmon vositalri hamda oziq-ovqat yetkazib berib turgan front chizig‘i ortida qahramonlik ko‘rsatgan kishilarni ham faxr bilan eslaymiz», — deya qayd etgan u.

«O‘ta og‘ir va mashaqqatli yillarda xalqimizning olijanoblik, bag‘rikenglik va insonparvarlik fazilatlari yaqqol namoyon bo‘ldi. Bu O‘zbekiston janglar ketayotgan hududlardan bir millionga yaqin kishini qabul qilganida ko‘ringandi. Xalqimiz keksalar, ayollar va bolalarga boshpana berib, ular bilan oxirgi noni bo‘lagini bo‘lishishgan. Urush yillari bizning xalqimiz qanchalar buyuk qalbga ega ekanini ko‘rsatgan», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Qadrli faxriylar, biz hamisha o‘zimizni sizning oldingizda qarzdor sezamiz. Biz yonimizda yurgan keksa avlod vakillariga, urush va mehnat faxriylariga e'tibor va g‘amxo‘rlikni kuchaytiramiz», — dedi davlat rahbari.

«Mo‘'tabar otalarimiz, mehribon onalarimiz boshimizdagi tojimiz ekanini unutmasligimiz kerak. Bu g‘animat dunyoda ularni qancha qadrlasak, ikki dunyoda ham aslo kam bo‘lmaymiz. Agar mendan qaysi oila eng baxtli deb so‘rashsa, men hech ikkilanmasdan, keksalari bosh bo‘lib, izzat-hurmatda hayot kechirayotgan oila deb javob qaytargan bo‘lardim», deya fikrlarini yakunlagan prezident.

Bayram dasturi doirasida Ikkinchi jahon urushida foydalanilgan harbiy texnikalar va qurol-aslahalarning ko‘rgazmasi tashkil etilgan.

Mavzuga oid